Prezidentga maktub: "Umid va ishonch bebaho quvvat ekan"

    Аssalomu alaykum, mening aziz Prezidentim!

    Moskvadan samolyotda jonajon yurtimizga qaytar ekanman, Sizga maktub yozish istagi bilan hayajonda edim.

    Hozir Chustda — uydaman. Аhvolim ancha yaxshi. Siz bilan oʼsha suhbatimizda aytolmagan gaplarimni shu maktubimda yozishga jurʼat qilayapman.

    ...Tengdoshlarim bilan ayni oʼynab-kulib yurgan chogʼimda toʼsatdan toʼshakka mixlanib qoldim. Ungacha esa dastlab oʼng oyogʼimda oʼqtin-oʼqtin, keyin surunkali ogʼriqlar boshlandi. Ota-onam meni koʼtarib hali u shifokorga, hali bunisiga chopdi. Ogʼriq esa kuchaygandan kuchayib bordi. Oʼng oyogʼimdagi shishni jarrohlik yoʼli bilan olib tashlashdi. Biroq bir muddat oʼtgach, u yana paydo boʼldi. Аhvolim oʼnglanavermagach, bizni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markaziga yuborishdi. Shifokorlar oʼng son orqa yuzasi neyrogen sarkomasi tashxisini qoʼydi. Uch marta jarrohlik amaliyotini boshdan oʼtkazdim.

    Muhtaram Prezidentim!

    Poytaxtda davolanayotganimga salkam ikki yil boʼlgan kunlar edi. Ramazon hayiti arafasida markazga Siz tashrif buyurdingiz. Biz bilan alohida-alohida suhbatlashib, orzularimiz, rejalarimiz haqida soʼradingiz.

    Siz bilan uchrashuvimizdan keyin hayotim tubdan oʼzgardi, dardimga darmon topildi. Bizning sogʼayib ketishimiz uchun bor budini sotib dori-darmonga sarflayotgan, dard cheksak bizdan battar azoblanayotgan ota-onalarimizning koʼngliga taskin berdi bu uchrashuv.

    Siz barcha bemorlar — biz, albatta, tuzalib chiqishimizga ishonch bildirib, duo qildingiz.

    Bemor boʼlsangiz-u, boz ustiga, tushkunlikka tushib qolsangiz, bundan yomoni yoʼq ekan. Kasallik bilan olisharkanman, orzu qilishga ham choʼchirdim. Savollarimga javob topa olmay tong ottirardim. Ichki ishlar tizimida oʼqib, Vatanimiz koriga yarayman, deb qilgan niyatlarim amalga oshadimi, yoʼqmi — qorongʼu edi.

    Oʼsha kuni barcha bemorlarga sovgʼa sifatida badiiy kitoblar, planshet va shirinliklar ulashdingiz. Meni eng quvontirgani, dunyoning qaysi chetida boʼlmasin, xuddi oʼz oyogʼimdek tayanch boʼladigan protez keltirib berishingizni aytganingiz boʼldi. Yana kelajakda kim boʼlishimni soʼradingiz. Orzuimni aytdim. Biroq oyogʼim yoʼqligi uchun bu orzu armonga aylanishi turgan gap edi. Siz biz bilan xayrlashgan kunning ertasigayoq shu orzuim ham amalga oshdi. Ichki ishlar vazirligi masʼullari yoʼl harakati xavfsizligi xodimining maxsus libosi, IIV YHXBB faxriy aʼzolik guvohnomasi hamda esdalik sovgʼalar bilan xonamga tashrif buyurib, ularni menga topshirdi.

    Hammasi kutilmaganda sodir boʼldi. Bu esa yashashga boʼlgan ishonchimni oshirardi. Oradan koʼp oʼtmay, 3 iyunь kuni jarrohliq amaliyotini oʼtkazish uchun Rossiyaga yuborishdi. Otam bilan begona yurtda qiynalmasligimiz uchun bizga tarjimon hamrohlik qildi. N.Bloxin nomidagi onkologiya markazida bir oyogʼimni operatsiya qilishdi. Omon-eson yurtimizga qaytdik.

    Umid va ishonch bebaho quvvat ekan. Sizning oʼsha kungi menga bildirgan ishonchingiz tufayli operatsiyaga qoʼrqmay kirdim. Tajribali shifokorlar jarrohlikdan soʼng bir oy davomida ahvolimni qatʼiy nazorat qilib turdi. Hademay, ikki oydan soʼng oyogʼimga Siz vaʼda bergan eng yaxshi protez oʼrnatishmoqchi.

    Ota-onamning quvonchini bir koʼrsangiz edi. Ertayu kech Sizni duo qiladi. Men esa dilimdagini tilimga koʼchirishga ojizman. Chunki meni tushkunlikdan Siz olib chiqdingiz, shiftga termulib umidsiz yotgan chogʼlarimda sarobga aylanayotgan orzularimning ushalishiga imkon yaratdingiz. Nafaqat jismonan, balki ruhan azoblanayotgan bir paytimda dardimga darmon boʼldingiz. Buning uchun Sizdan cheksiz minnatdorman.

    Xudo xohlasa, tuzalib, ichki ishlar sohasida oʼqib, menga bildirilgan ishonchu eʼtiboringizga munosib yashashga harakat qilaman.

    Sizga maktub yozayapman-u, koʼzimdan yosh quyuladi. Bu — quvonch yoshlari, bu — Sizdek mehribon Prezidenti bor yurt baxtli qizining mehr yoshlari...

    Hammasi uchun Sizga ming rahmat aytib, cheksiz minnatdorlik bilan qizingiz

    Sabrina INSOFАLIYEVА.

    Namangan viloyati Chust tumani