Davlatimiz rahbari oʻz maktubida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli munosabatlarini sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarishda, mamlakatimizdagi ortga qaytmas tus olgan demokratik va iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda Yevrokomissiya Prezidentining ulkan shaxsiy hissasi borligini alohida taʼkidladi.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan hamkorlik barcha ustuvor yoʻnalishlarda yanada yuksak bosqichga koʻtarilishiga ishonch bildirildi.
Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda mutlaqo yangi sahifa ochadigan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tez orada imzolash tarafdori ekani qayd etildi.
“Yaqin kelajakda Samarqand shahrida birinchi “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” sammiti oʻtkazilishi mintaqaviy aloqalarimizni manfaatli loyihalar va dasturlar bilan boyitish yoʻlida muhim amaliy qadam boʻlishiga aminman", — deyiladi Prezidentimiz maktubida.