Prezidentimiz bilan suhbatlashgan “BelAZ”chi — Aziz Yusupovning rostdan ham “Malibu”si bor ekan...

    Ijtimoiy hayot 30 Iyul 2021 2246

    Kuni kecha Prezidentimiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yangi mis boyitish fabrikasiga tamal toshini qoʻyish tadbirida ishtirokidan soʻng togʻ-kon sanoati texnikasini koʻzdan kechirib, samosval haydovchisi bilan suhbatlashgandi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Hamza JUMAYEV “BelAZ” haydovchisi Aziz Yusupovga suhbat jarayonidan olingan suratni topshirib, bu boradagi oʻz fikr-mulohazalarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali oʻrtoqlashdi.

    — Allo, assalomu alaykum, Azizbek, BelAZ haydovchisi sizmisiz?

    — Assalomu alaykum, ha menman. Nima xizmat aka?

    — Sizga Prezidentimiz nomlaridan bir narsa berib yuborishdi. Shuni topshirishim kerak, qayerda koʻrisha olamiz? Men Olmaliqqa kiryapman...

    — Rostdanmi? Zoʻr ku! Birinchi svetofordan oʻtishingiz bilan toʻxtab turaman oq “Malibu”da…

    ...Kuni kecha Prezidentimiz hamsuhbat boʻlgan Aziz Yusupovni bugun butun respublika tanidi. Ijtimoiy tarmoqda bu holat turli muhokamalarga sabab ham boʻldi.

    Men ataylab bu yigitning “Malibu”sini va haydovchilik guvohnomasini suratga oldim.

    Hammasi bor, hammasi rost. Bugun “ssenariy” tuzib jamoatchilikni ishontirishga urinish mutlaqo mumkin emas. Bu usullarning davri allaqachon oʻtgan.

    Rostdan ham mehnati orqasidan farovon yashayotgan, orzulari ushalayotgan odamlar koʻpayib boryapti.

    Biz olijanob, samimiy xalqmiz. Yetakchimizni xam oʻz ichimizdan saylab, unga ishonch bildirganmiz. Shunday ekan yuqoridagi hislatlar u insonda ham borligi shubhasiz.

    Ochigʻi, shu “belazchi” yigitga havasim keldi. Xuddi shunaqa rasm menda yoʻqligi ozgina alam ham qildi. Lekin, uni topshirishning ham yoqimli gashti bor ekan.

    Darvoqe, bu masʼuliyatni menga topshirgan Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga rahmat!