Birgina travmatologiya yoʻnalishi boʻyicha endoprotez moslamasiga ehtiyojmand boʻlgan 35 nafar fuqaroda jarrohlik operatsiyalari oʻtkazilishi belgilanib, dastlabki amaliyotlar boshlab yuborildi.

— 2015-yilda yiqilib, oyogʻimdan jarohat olgandim, — deydi 45 yoshli tayloqlik Akbar Ochilov. — Avvaliga oʻtirib-turishda qiynalgan boʻlsam, keyinchalik birovning yordamisiz hatto yurolmaydigan boʻlib qoldim. 3 nafar farzandimning hayotda oʻz oʻrinlarini topishlari uchun oʻqitib ilmli qilishim kerak. Buning ustiga sogʻligimdagi bu oʻzgarish meni juda qiynay boshladi. Davolanishimning birgina yoʻli jarrohlik amaliyoti orqali endoprotez moslamasini oʻrnatish edi. Bu moslama chet eldan keltirilar va bu amaliyot uchun qoʻlim kaltalik qilib turgan edi. Endi hech qachon yurolmasam kerak, deb oʻylardim.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻtkazilayotgan salomatlik aksiyasi doirasida shifokorlar bemorni barcha tibbiy koʻriklardan oʻtkazib, oʻng oyogʻiga endoprotez moslamasini oʻrnatishdi. Hozirda A. Ochilov oʻzini juda yaxshi his etayapti.

— 18-20 yildan buyon oyoqlarimdagi nuqson tufayli erkin hayot kechira olmas edim, — deydi Shohida Toʻxtayeva. — Mana “temir daftar”ga kiritilib, davlat himoyasiga olindim. Millionlab mablagʻ talab qilinadigan jarrohlik amaliyotlari ham bepul amalga oshirilib, yana qayta oyoqqa turdim. Shifokorlarimizga rahmat, bir-ikki oy ichida toʻliq tuzalishimni aytishmoqda. Yana sogʻlom hayotga qaytayotganimdan xursandman.

Bu kabi bemorlar jarrohlik amaliyotlaridan soʻng ham malakali mutaxassislar nazoratida boʻlib, sogʻliqlarini tiklab olishlariga koʻmak berilmoqda. Ishtixon tumanida tugʻilgan 59 yoshli Zakiya Umirova ham koʻp yillardan buyon oyoq ogʻrigʻidan azob chekar edi. Yil sayin ogʻriq kuchayib, yurish qiyinlashib borayotgan edi. Unga shifokorlar ikki tomonlama koʻksartiroz tashxisi qoʻyilgan edi.

— Vrachlar koʻrsatmasi bilan zarur muolajalarni olib yurgandim. Ahvolim ogʻirlashavergach, 2019-yilda oʻng chanoq son boʻgʻimida jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga majbur boʻldik, — deydi Zakiya Umirova. — Hozir oʻng oyogʻimda hech qanday muammo yoʻq, bemalol harakatlana olaman. Biroq chap oyogʻimni endoprotezlash jarrohlik amaliyoti uchun imkoniyatim yetmasdi. Yurtimizda shunday xayrli ishlar boshlanibdi, eshitib yurardik, mana, oʻzimiz ham ulardan bahramand boʻlyapmiz. Prezidentimiz eʼtibori xonadonimizgacha kirib kelganini his qilib turibman. Shifokorlar chap chanoq son boʻgʻimimda endoprotezlash jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga tayyorlashmoqda. Yaqin kunlarda yillar davomida qiynab kelgan darddan xalos boʻlaman, deb shukronalar qilyapman.

29 yoshli Zulayho Aliqulovaga sonlarning tugʻma chiqishi – “ikki tomonlama koʻksartiroz 3 daraja” tashxisi qoʻyilgandi, Pastdargʻom tumanida yashovchi bu fuqaroda ham salomatlik aksiyasi doirasida oʻng chanoq son boʻgʻimida total endoprotezlash operatsiyasi oʻtkazildi.

— Bizni ham oʻylaydiganlar bor ekan, ming rahmat, davlatimiz gʻamxoʻrligi natijasida men kabi imkonsiz ahvoldagi bemorlar dardiga darmon topilmoqda. Mana sekin-asta yurayapman. Quvonchim ichimga sigʻmayapti. Endi men ham barcha singari oʻz oyoqlarim bilan, mustaqil harakat qilaman. Odamning qoʻli kalta boʻlsa, dardi ogʻirlashganda kimdan najot kutishni bilmay qolarkan. Duolarimiz dargohiga borib yetganiga shukr, — deydi Zulayho Aliqulova.

Hozirga qadar endoprotez moslamasiga ehtiyojmand boʻlgan 35 nafar fuqarodan 13 nafarida jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.

Taʼkidlash joizki, aksiya davomida endoprotezlash amaliyotlari bilan birga buyrak transplantatsiyasi, yurakka stent oʻrnatish kabi eng murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlari tibbiy koʻrsatmaga qarab, viloyat yoki poytaxtimizdagi eng nufuzli tibbiyot muassasalarida bepul amalga oshirilishi moʻljallangan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.