Yangi O‘zbekistonda yurtdoshlarimiz ko‘zida quvonch, qalbida ishonch bilan yashayotganining siri shunda. Xususan, nuroniylar, mehnat faxriylari va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan insonlarga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.
Bu yil 100
nafar yurtdoshimiz Prezidentimiz yo‘llanmasi bilan muqaddas haj amallarini ado
etish baxtiga muyassar bo‘lyapti. Shuning o‘ziyoq yuqoridagi fikrimizning yaqqol
dalili bo‘la oladi. Ana shunday baxtiyor insonlar safida Navoiy viloyatidan ham uch
nafar nuroniy otaxon bor. Viloyat hokimi Normat Tursunov Karmana tumanida
yashovchi, ijtimoiy soha faxriysi Dilmurod Xolovga haj safari uchun Prezidentimiz
yo‘llanmasini topshirdi.
Dilmurod Xolov uzoq yillar
davomida mahalla tizimida mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan. Ana shu
yillar davomida aholi o‘rtasida hamjihatlik, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat
muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan. Ko‘p yillik halol va fidokorona
mehnati uchun u “Shuhrat” medali va “Mehnat faxriysi” I darajali ko‘krak nishoniga
munosib ko‘rilgan. Hozir mahalladagi “Keksalar maslahati” guruhi raisi sifatida
jamoatchilik ishlarida faol.
— Quvonchimning cheki yo‘q, — deydi
Dilmurod bobo. — Yurtimizda inson qadri naqadar ulug‘lanishiga yana bir bor amin
bo‘ldim. Mahalladagi nuroniylar bilan birga aholi farovonligi, oilalar tinchligi
va yoshlar tarbiyasiga hissa qo‘shib kelyapmiz. Haj ziyoratiga borib kelganimizdan
keyin ham ushbu ezgu ishlarni davom ettirishga va’da beraman. Yo‘llanma bilan hajga
borishimni eshitib, ko‘z yoshimni to‘xtata olmadim.
Xatirchi tumanidagi Tinchlik
mahallasida istiqomat qiluvchi Azamat Mavlonov ham ana shunday yuksak sharafga
munosib ko‘rildi. Qahramonimiz ko‘p yillar yurt farovonligi, mahalla tinchligi
yo‘lida sidqidildan mehnat qilgan. Ayniqsa, mahalla raisi sifatida faoliyat
yuritgan yillari odamlarning dardi bilan yashab, muammolarini hal etishda fidoyilik
ko‘rsatdi.
— Muborak haj ziyoratiga borish
yuragimga tugib qo‘ygan orzuim edi, — deydi Azamat Mavlonov. — Kutilmaganda
quvonchli xabar keldi va dastlab axir hech qayerga murojaat qilmagandim, deya
ishonmadim. Lekin viloyat hokimligi mutasaddilari kelib, yo‘llanmani topshirganida
ishondim. Olis qishloqda yashasam-da, e’tibor va ehtiromni his qildim.
Xatirchining Madaniyat mahallasida
yashovchi Rahmatillo Abdurahimov ko‘p yillar davomida o‘qituvchilik qilib, yosh avlodga
taflim-tarbiya bergan. Muallim shu ulug‘ yo‘lda fidoyilik ko‘rsatib, ko‘plab
shogirdlarni hayotga tayyorladi. Doim yoshlarni vatanparvarlik, insonparvarlik
ruhida tarbiyalashga intildi. Bugun ustozning mehnati yuksak e’tirof etilib, haj
yo‘llanmasiga ega bo‘lishi barcha ta’lim fidoyilari uchun ham katta hurmat va
e’tibor namunasisidir.
* * *
Haj safariga yo‘llanma olganlar
safida Surxondaryo viloyatidan ham 7 kishi bor.
Jarqo‘rg‘on tumanidagi Alisher Navoiy
mahallasida yashaydigan Eshmurod Choriyev halol mehnat, el-yurtga sadoqat va
insonlarga yaxshilik qilishni o‘zining hayotiy mezoni deb biladi. Qahramonimiz
mahallada hurmat qozongan nuroniylardan biri.
Eshmurod bobo umrini farzand
tarbiyasiga, yurt tinchligi va mahalla obodligiga bag‘ishladi. To‘rt farzandni
vatanparvarlik, mehnatsevarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyaladi.
Ularni yurtimizga munosib insonlar qilib voyaga yetkazdi. Ana shunday namunali hayot
yo‘li e’tirofga munosib ko‘rildi. Viloyat hokimi Prezidentimiz tabrigini o‘qib
eshittirib, unga muborak haj safari uchun yo‘llanmani tantanali ravishda topshirdi.
— Xushxabarni eshitib, ko‘nglim
tog‘dek ko‘tarildi. Ishlagan odam baribir qachondir davlatdan, xalqdan e’zoz
toparkan, — deydi mehnat faxriysi Eshmurod Choriyev. — Buni hayotim misolida ko‘rib
turibman. Ushbu e’tibor oilam va yaqinlarim kabi boshqalarni ham quvontirdi.
Botir Mengliyev
Angor tumanidagi Qoraqir mahallasida yillar
davomida el-yurt uchun fidokorona mehnat qilganlardan biri. U 23 yil mobaynida
mahalla raisi vazifasida samarali faoliyat yuritib, aholi ishonchi va hurmatini
qozondi. Ko‘p yillik halol va samarali mehnat esa, albatta, munosib e’tirof
topdi. Botir Mengliyevga maxsus haj yo‘llanmasi tantanali ravishda topshirildi.
Qumqo‘rg‘onlik Ravshan Safarov
dehqonchilik va qishloq xo‘jaligi sohasida orttirgan boy tajribasi,
mehnatsevarligi va kamtarligi bilan mahalla ahli orasida alohida hurmatga ega.
Ravshan boboning yillar davomida sidqidildan qilgan mehnatlari, xalq
farovonligi yo‘lidagi xizmatlari, albatta, besamar ketmadi. Mamlakat rahbari
yo‘llanmasi bilan haj amallarini ado etish baxtiga muyassar bo‘lish arafasida.
Dovud Xo‘jamshukurov esa uzoq yillar
Bandixon tumanidagi Saidmuhammad jome masjidida mutavalli vazifasida sidqidildan
xizmat qilgan. Qahramonimiz mehnat faoliyati davomida masjid obodligi va jamoat
birligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi. Shu orqali xalqimizga
ma’naviy-ma’rifiy xizmat qildi.
— Qalbimda uzoq yillar davomida
muqaddas haj ziyoratiga borish niyatini asrab kelardim. Biroq hayot tashvishlari va
imkoniyat cheklangani tufayli bu orzu go‘yoki ushalmas armonga aylanib borayotgandek
edi. Shunga qaramay, sabr va shukronalik bilan el
xizmatida bo‘lishda davom etdim. Insonning ezgu niyati va halol mehnati hech qachon
besamar ketmas ekan. Prezidentimizning maxsus haj yo‘llanmasi menga ham
tantanali ravishda topshirildi, — deydi mehnat faxriysi Dovud Xo‘jamshukurov.
Haj inson qalbini poklaydigan, uni ezgulik,
sabr-toqat, shukronalik va bag‘rikenglikka chorlaydigan ulug‘ va muqaddas ibodatdir.
Bu muborak safar nafaqat insonning ma’naviy kamolotiga, balki jamiyatda
mehr-oqibat, hamjihatlik va ezgulik muhitini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Prezidentimiz nomidan yo‘llanmalarni topshirish tadbirlarida bo‘lajak hojilar
muqaddas amallarni bajarish chog‘ida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi,
mamlakatimiz taraqqiyoti va el-yurt osoyishtaligi uchun duolar qilishini ta’kidladi.
Bunday ezgu ishlar xalqimiz qalbida shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlab,
yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik va bag‘rikenglik muhitini yuksaltirishga
xizmat qilishi e’tirof etildi. Zero, inson qadri ulug‘langan yurtda ezgulik va
baraka hamisha barqaror bo‘ladi.
G‘olib ABDUSALOMOV,
Sarvar TO‘RAEV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbirlari