Prezidentimiz maqolasi 12-sentyabrning o'zida 30 dan ortiq mamlakat nashrlarida chop etildi

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning yurtimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o'zaro bog'liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali kontseptual maqolasi xalqaro ijtimoiy-siyosiy doiralar va ekspertlar hamjamiyatida katta aks sado berdi.

    Maqolaning xorijda keng ommalashayotgani dunyoda Shanxay hamkorlik tashkilotining roli tobora ortib borayotgani, shuningdek, O'zbekistonning faol tashqi siyosatiga katta e'tibor berilayotganidan dalolatdir.

    Maqolada Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan sammit, uning mamlakatimiz, mintaqa va umuman, zamonaviy dunyo uchun ahamiyati, O'zbekistonning ShHT ishtirokchisi va amaldagi raisi sifatidagi ustuvor yo'nalishlari hamda zamonaviy xalqaro siyosatning boshqa jihatlari haqidagi muhim savollarga javoblar o'z ifodasini topgan.

    Birgina 12-sentyabrning o'zida ushbu maqola dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlaridagi o'nlab etakchi bosma va elektron nashrlarda ingliz, arab, bolgar, ispan, xitoy, nemis, rus, turk, frantsuz va boshqa tillarda chop etildi. Ular orasida Kuvaytning “Al`-Anba”, “Tayms Kuveyt”, “Al-Nahar” gazetalari, mashhur “Q8 Press” elektron nashri, Eronning “Iran News” va “Iran Daily” gazetalari, Birlashgan Arab Amirliklarining “AlBayan” elektron nashri, Misrning “Sada al Balad” axborot agentligi, “Misr al Balad” va “Soutel Shaab” gazetalari, O'monning “Asdaa Oman” gazetasi, Pokistonda nashr etiladigan “Islamabad Post”, “National Herald Tribune” gazetalari hamda “Diplomatic Insight”, “Daily Spokesman”, “Centreline”, “Pakistan in the world”, “The Gulf Observer” va “Global News Pakistan” axborot agentliklari bor.

    Mazkur maqola qo'shni mamlakatlarda va umuman, MDH makonida ham keng miqyosda chop etildi. Masalan, Qozog'istonning etakchi “Kazaxstanskaya pravda” gazetasi veb-sahifasi, “Infozakon”, “Kzaif.kz” va “Chelovek i Zakon” singari nufuzli axborot-tahlil nashrlari, Turkmanistonning “Neytral`niy Turkmenistan” hukumatga qarashli gazetasi, Qirg'izistonning etakchi “Kabar” davlat axborot agentligi, Tojikistonning “Xalq ovozi” gazetasi va “Avesta” axborot agentligi, Rossiyaning “Nezavisimaya gazeta”, Belarusning “Zvyazda” nashri, Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi, “Turkic World”, “News Day”, “News Milli”, “Minval” va “Musavat” veb-saytlari va boshqa ko'plab ommaviy axborot vositalarida e'lon qilindi.

    Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Hindiston va Indoneziyadagi etakchi ommaviy axborot vositalarida ham O'zbekiston Prezidentining maqolasi chop etildi.

    Evropaning qator ommaviy axborot vositalarida ham mazkur maqolaning e'lon qilinishi bo'lajak tadbirga ShHT oilasi tarkibiga kirmaydigan Evropa mamlakatlarida qiziqish yuqoriligidan dalolat beradi.

    O'z sahifalarida kontseptual maqolani chop etgan Fransiyaning mashhur “Le Spectacle du monde” jurnali va “L’Opinion” nashri, Evropaning “Diplomat Magazine” va “EU Reporter”, “bne Intellinews” nashrlari, Italiyaning “Il Gornale” jurnali hamda “Bryussel — O'zbekiston” do'stlik guruhi, shuningdek, “Diplomatic World Institute”, ispan tilidagi xalqaro onlayn-nashrlar — “El Mundo Financiero” va “El Periodico de Aqui” va boshqa OAV bor.

    Davlatimiz rahbarining maqolasi xalqaro tashkilotlar o'rtasida ham katta qiziqish uyg'otdi. Islom hamkorlik tashkilotining ixtisoslashgan nashri — “OIC Today” jurnali hamda IHT Axborot agentliklari ittifoqining veb-saytida ham e'lon qilindi, deyiladi "Dunyo" AAning "Yangi O'zbekiston" gazetasida chop etilgan maqolasida.