Keyingi yillarda Oʻzbekistonda ham davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli yoʻlga qoʻyilib, islohotlar samaradorligiga xizmat qilmoqda.
Avval xabar berilganidek, bugun Prezidentimizning Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnoma bilan chiqishi kutilmoqda.
Fursatdan foydalanib davlatimiz rahbarining bundan oldingi Murojaatnomalari xronikasiga nazar tashlasak.
Prezidentimizning birinchi Murojaatnomasi 2017-yil 22-dekabr kuni boʻlgan.
Ilk Murojaatnomada davlatimiz rahbari “Biz mamlakat hayotiga doir har bir qarorni xalqimiz bilan maslahatlashib, bevosita muloqot asosida qabul qilmoqdamiz. “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan gʻoya bu borada faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.
Odamlarimizning hayotiy ehtiyoj va manfaatlarini taʼminlashda bu muhim masalaning naqadar oʻtkir va dolzarb muammo boʻlib turganini hisobga olib, bu ishlarning hajmini oshirgan holda, biz yangi yilda ham albatta davom ettiramiz. Chunki, xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni koʻrishni istaydi. Bizning mehnatkash, oqkoʻngil, bagʻrikeng xalqimiz bunga toʻla haqlidir”, degan edi.
Shu marosimda Prezidentimiz 2018-yilga yurtimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”, deb nom berishni taklif etgan va bu qizgʻin qoʻllab-quvvatlangan.
Ikkinchi Murojaatnoma 2018-yil 28-dekabr kuni boʻlgan.
Prezidentimiz oʻz chiqishida “Niyati ulugʻ xalqning – ishi ham ulugʻ, hayoti yorugʻ va kelajagi farovon boʻladi. Biz demokratik islohotlar yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, faqat oldinga – yangi, yuksak marralar sari boramiz. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga hissa qoʻshish – Yaratganning oʻzi bizga bergan tarixiy imkoniyat, desak, toʻgʻri boʻladi”, deya taʼkidlagan edi.
Oʻsha kuni 2019-yilga mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, deb nom berilgan.
Uchinchi Murojaatnoma 2020-yil 24-yanvar kuni yoʻllangan.
“Amaliy natija bilan mustahkamlangan, oʻz mevasi, hosilini berayotgan islohot odamlarning qalbiga, yuragiga tez kirib boradi. Va bunday islohotni, bunday shiddatli jarayonni hech kim, hech qanday kuch, toʻxtata olmaydi.
Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini yurtimizda yashayotgan har bir inson, har bir oila bugun oʻz hayotida his etishi kerak. Buning uchun barcha boʻgʻindagi rahbarlar foizlar, raqamlar, qogʻozning ortidan quvmasdan, har bir fuqaro uchun, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlash uchun ishlashi shart. Shunda nuroniy keksalarimiz, muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, hurmatli ayollarimiz, aziz farzandlarimiz, jajji nabiralarimiz, koʻp millatli butun xalqimiz bizdan rozi boʻladi”, deya taʼkidlagan davlatimiz rahbari oʻz Murojaatnomasida.
Shu tadbirda 2020-yil – “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deya nomlangan.
Toʻrtinchi Murojaatnoma 2020-yil 29-dekabr kuni boʻlgan.
Prezidentimiz oʻz chiqishida “Hech shubhasiz, oʻz kuchimiz va imkoniyatlarimizga boʻlgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yoʻlida birlashtirib, yanada kuchli va mustahkam qilmoqda. Bu intilishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda. Bunday qudratli safda boʻlishning oʻzi katta baxt, katta sharafdir.
Barchamizga ana shu ulugʻ safda boshqalarga ibrat va namuna boʻlish, jonajon Vatanimiz, aziz xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish nasib etsin”, deya taʼkidlagan edi.
Oʻshanda davlatimiz rahbarining 2021-yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berish taklifi qizgʻin qoʻllab-quvvatlangan.
Bugun Prezidentimizning Oliy Majlisga beshinchi Murojaatnomasi yoʻllanadi.