Yil boshidan 867 ta “ogʻir” toifadagi mahallaga suv chiqarish uchun 1,4 trillion soʻm berildi. Buning hisobiga 662 ming xonadondagi jami 80 ming gektar tomorqaga 25-30-yil ichida ilk bor suv yetib bordi.
Lekin serdaromad ekin ekib, 2-3-marta hosil olish oʻrgatilmayotgani qayd etildi.
“Tomorqaga suv yetkazish uchun sarflangan 1 soʻm hisobidan hech boʻlmaganda 2-3 soʻmlik mahsulot yaratilsa, 662 ming oila mavsumda qoʻshimcha 5-6 million soʻm daromad koʻradi-ku!” – dedi davlatimiz rahbari.
Misol uchun, Qoraqalpogʻistondagi 89 ta mahallaga 150 milliard soʻm berilgan. Mutasaddilarga bu mahallalarda tomorqadan 350-400 milliard soʻmlik qoʻshimcha mahsulot olish boʻyicha tizim yaratish topshirildi.









