Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida nutq soʻzlamoqda

    Hukumat 9 Noyabr 2023 1397

    Davlatimiz rahbari sammit umumiy taraqqiyot yoʻlida koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan qatʼiy intilishning yaqqol dalili ekanini taʼkidladi.

    "Bugun koʻz oʻngimizda dunyo siyosiy arxitekturasi tom maʼnoda oʻzgarmoqda va global qayta qurilishi sodir boʻlmoqda.

    Bu murakkab jarayonlarda oʻzining katta oʻrniga ega boʻlgan Tashkilotimiz davlatlari birgalikda hamjihat boʻlib harakat qilishi, vujudga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi samarali yechimlar topishi muhimdir.

    “Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida oʻtayotgan sammitimizda siz, aziz hamkasblarim bilan koʻp tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqish va eng dolzarb masalalar boʻyicha batafsil fikr almashamiz.

    Tashkilotimiz aʼzolarini mushtarak tarix va muqaddas islom dinimiz, boy madaniyat va oʻxshash qadriyatlar chambarchas bogʻlab turadi.

    Yarim milliard aholi yashaydigan keng mintaqamiz savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega", - dedi Prezident.