Davlatimiz rahbarining 2020-yil 12-13-mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Xorazm viloyatining Xonqa tumanida yana bir zamonaviy sihatgoh – jahon standartlari talablariga javob beruvchi yangi zamonaviy sanatoriyni barpo etish ishlari boshlab yuborildi.

Jahon standartlari talablariga javob beruvchi mazkur 200 oʻrinli barcha qulayliklarga ega zamonaviy sanatoriy qurilishi uchun tumanning Qirq yop mahalla fuqarolar yigʻini xududida 3 gektardan ortiq yer maydoni ajratildi. Salomatlik markazi qurilishi tadbirida ishtirok etganlar Davlatimiz rahbari tomonidan xalqimizning turmush farovonligini oshirish, insonlarning hayotdan rozi boʻlib yashashlarini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, koʻrsatilayotgan eʼtibor va uning amaliy natijalariga alohida toʻxtalib oʻtdilar.

– Alohida taʼkidlashni istardimki, keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan Orolboʻyi mintaqasida yashovchi insonlarning salomatligi masalasiga yuksak eʼtibor qaratilmoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi Xonqa tuman boʻlimi mudiri Zamira Matkarimova. – Xonqa tumanida zamonaviy turdagi, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi sanatoriyning qurilayotgani ham tumanimiz aholisini nihoyatda quvontirdi. Chunki, ushbu sihatgohning barpo etilishi aholi salomatligini mustahkamlashda juda muhimdir. Bu yerda yashovchilar endi uzoqqa bormay, oʻzlari yashab turgan hududda ham soʻnggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan sihatgohda dam olib, davolanish imkonini beruvchi sanatoriy foydalanishga topshirilishini intiqlik bilan kutmoqdalar. Inson va uning salomatligiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrliklar uchun Davlatimiz rahbaridan aholimiz nihoyatda minnatdorlar.

Orolboʻyi xududi aholisiing salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu yangi sanatoriyning jahon standartlariga mos ravishda xizmat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli “Kasaba loyiha” Masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangi sanatoriyning zamonaviy va milliy madaniyatimizga mos jihatlarni oʻzida mujassamlashtirgan loyihasi ishlab chiqildi. Unga muvofiq yangi sanatoriyda mineral suv, tabiiy iqlimiy davolash omillari, anʼanaviy fizoterapevtik muolajalar uchun alohida boʻlimlar barpo etilishiga kirishildi.

– Bu yerda yer qaʼridan 780 metr chuqurlikda yodli, bromli, natriy-xloridli maʼdanli suv chiqadi, – dedi “Xonqa” sanatoriysi direktori Shuhrat Sobirov. – Ushbu suv asosan yurak qon-tomir, nevrologik, harakat tayanch va ginekologik kasalliklarni davolashda juda yaxshi samara beradi. Asosiy davolash omillaridan biri mana shu maʼdanli suv boʻlsa, ikkinchisi, Jizzax viloyatining Baliqli koʻlidan olib kelinuvchi balchiq, shuningdek, parafin-ozokeritdir. Vohamizda harakat-tayanch aʼzolari va umurtqa pogʻonasi churrasi kasalliklari koʻproq uchragani bois, yangi sanatoriyda ushbu kasalliklarni davolash uchun moʻljallangan umurtqa pogʻonasini maʼdanli suvda tortish muolajalarining yoʻlga qoʻyilishi nur ustiga aʼlo nur boʻlmoqda.

Taʼkidlash zarurki, yangi barpo etilayotgan sanatoriyda zamonaviy ochiq va yopiq suzish havzalari, azonoterapiya, lazeroterapiya va magnitoteropiya xonalari, shifobaxsh tuzli gʻor, soʻnggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan davolash xonalari va dam olish xollari, tantanalar zali, kinoteatr, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun maxsus qulayliklar mavjud yotoq xonalari ham qurilmoqda.

Yangi qurilayotgan sanatoriy 200 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unda yiliga 6 ming nafarga yaqin mehnatkash sogʻlomlashtiriladi. Ularga 113 nafar xodim xizmat koʻrsatadi.

Zamonaviy arxitektura yutuqlari asosida barpo etilayotgan ushbu sanatoriy Xorazm viloyati va boshqa hududlardan keluvchi dam oluvchilar uchun Amudaryo qirgʻogʻi yaqinida joylashgan munosib dam olish maskaniga aylanadi.

Muhabbat Oʻrmonbekova

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari