Oʻzbekiston Prezidenti Tojikiston Prezidenti va xalqiga har doimgidek iliq va samimiy qabul uchun dildan minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar doʻstlik va ishonch muhitida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlarini yuksak baholadilar.
— Yana bir bor taʼkidlayman, Tojikiston Oʻzbekiston uchun eng yaqin, ishonchli, asrlar bilan sinalgan strategik sherikdir. Birodar oʻzbek va tojik xalqlari koʻp asrlik doʻstlik rishtalari bilan chambarchas bogʻlangan. Bizni umumiy tarix, madaniy va maʼnaviy qadriyatlar, anʼana va urf-odatlar birlashtirib turadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga toʻliq mos boʻlgan Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi ushbu tashrifning chinakam tarixiy natijasi boʻlgani qayd etildi:
- Bu qadam bilan Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilikni chuqurlashtirish boʻyicha ortga qaytmas yoʻldan yurishga qatʼiy intilishimizni tasdiqladik. Ushbu muhim hujjat, hech mubolagʻasiz, ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy davrni anglatadi.
Savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi.
Keyingi yillarda bir necha oʻn karra koʻpaygan tovar ayirboshlash barqaror oʻsib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat hukumatlari oldiga tovar ayirboshlashni, shu jumladan uchinchi mamlakatlardan importning oʻrini faol toʻldirish orqali 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Kuni kecha oʻtgan biznes forumida salmoqli shartnomalar va bitimlar toʻplami imzolangani ushbu maqsadga xizmat qiladi.
Shuningdek, “Oybek-Fotexobod” chegaraoldi erkin savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazini tashkil etish ishlarini jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar chogʻida sanoat kooperatsiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat bir-birini toʻldirib turgan anʼanaviy tarmoqlarda yangi oʻsish nuqtalari belgilanib olindi.
Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, toʻqimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qoʻshma loyihalar shular jumlasidan.
Bunday muhim loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasining salohiyatidan samarali foydalaniladi.
Suv-energetika sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
Hamkorlikning yana bir strategik yoʻnalishi – ikki mamlakat transport-tranzit salohiyatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish.
Yoʻlovchi va yuklar tashish hajmini oshirish, zamonaviy chegaraoldi va bojxona infratuzilmasini yaratish boʻyicha qoʻshma choralar koʻriladi.
Hududlararo hamkorlik salohiyatini faol ishga solish zarurligi qayd etildi.
Koʻrgazmalar, teatrlarning ijodiy safarlari, yoshlar va taʼlim forumlarini muntazam oʻtkazish, sport dasturlarini amalga oshirish, turizm xizmatlarini kengaytirish orqali madaniy-gumanitar almashinuvni chuqurlashtirish masalalari muzokaralardan muhim oʻrin egalladi.
Tomonlar ushbu tarixiy tashrif, uning samarali natijalari va imzolangan muhim hujjatlar ikki mamlakatning jadal taraqqiyotiga xizmat qilishi, birodar Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlarining umumiy farovonligini taʼminlashiga ishonch bildirdilar.