“Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlatdir” deb nomlangan nutqda hayotimizda “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil gʻoya, izchillik bilan qaror topib borayotgani taʼkidlandi.

— Yurtimiz siyosiy maydonida katta nufuzga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi syezdining Siz, hurmatli delegatlari va faollari menga yuksak ishonch bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodimni koʻrsatganingizni, behad qadrlayman.

Bu, men uchun yuksak sharaf va ayni paytda, ulkan masʼuliyat ekanini, yurak-yurakdan his etmoqdaman.

Bundan besh yil oldin, men partiyamiz minbaridan oʻz saylovoldi dasturimni eʼlon qilgan edim. Ushbu dasturda davlat va jamiyatimizni yanada isloh qilish, fuqarolarimizning hayotiy muammolarini hal etish va orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishni oliy maqsad etib belgilagan edik.

Besh yil mobaynida aholi farovonligini taʼminlash va uning kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlash borasida nimalarga erishdik? Qanday marralarni egalladik? Kamchiliklar nimalardan iborat boʻldi?

Dasturimizdagi ezgu maqsadlarni hayotga toʻliq tatbiq etish uchun, 2017–2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning 5 ta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilindi.

Qisqa davrda mamlakatimizda yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va mahalla qolmadi, desam, ayni haqiqatdir.

Shu borada bir fikrni alohida taʼkidlab aytishni istardim: bugungi kunda davlatimiz inson uchun, xalq uchun ochildi. Xalq bilan bevosita muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, muammolarini ijobiy hal etish boʻyicha, mutlaqo yangi tizim yaratdik.

Davlat tashkilotlari ish faoliyatida “mahallaga tushish”, “xalq ichiga kirish”, uning “dardiga quloq solish”, “tashvishiga sherik boʻlish” va “muammolarni joyida hal etish” tamoyillari, asosiy mezonga aylandi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.