Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova saylovchilar bilan uchrashdi

    Saylov 22 Sentabr 2021 662

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova saylovchilar bilan ilk uchrashuvni Sirdaryo viloyatidan boshladi.

    Viloyatdagi barcha tuman va shaharlar saylovchilari bilan videokonferensiya orqali muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari aʼzolari ishtirok etdi.

    Uchrashuvni Xalq demokratik partiyasining Sirdaryo viloyati kengashi raisi, nomzodning ishonchli vakili Shavkat Mamadisoyev olib bordi. U saylovchilarga nomzod Maqsuda Vorisovaning tarjimayi holi, mehnat faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi.

    Yuzma-yuz muloqotda M.Vorisova saylovchilarni oʻz saylovoldi dasturining ustuvor yoʻnalishlari bilan tanishtirdi. Xususan, mamlakatda ijtimoiy tengsizlikning barcha koʻrinishlariga barham berish, pensiya hisoblash tartibini takomillashtirish, ayollarning bola parvarishidagi davrini ish stajiga qoʻshib hisoblash, nogironligi boʻlgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, III guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga nafaqa tayinlash, “Mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish zarurati asoslab berildi.

    Shuningdek, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oilalarni ijtimoiy turar joylar bilan taʼminlash, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish, asosiy oziq-ovqatlar narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qatʼiy oʻrnatish, qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish Saylovoldi dasturdagi asosiy yoʻnalishlardan ekanligi taʼkidlandi.

    Aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar koʻrsatishni taʼminlash, shifokorlarning ish haqini 3 barobarga, hamshiralarning oyligini esa 2 barobarga oshirish, dorixonalar va xususiy tibbiy muassasalarga alohida ijtimoiy tashkilot maqomini berish, tibbiyot xodimlarining shaʼni, qadr-qimmati va sogʻligʻini himoya qilish boʻyicha qonun qabul qilish masalalari ham kechiktirib boʻlmas vazifalar sirasiga kiradi.

    Nomzod bolalarni 2 yoshdan maktabgacha taʼlimga qabul qiluvchi maxsus guruhlar tashkil etish, boshlangʻich sinf oʻquvchilari jamoat transportidan foydalanishini bepul asosda yoʻlga qoʻyish, oliy taʼlim uchun grantlar sonini oshirish, fuqarolarning sudlarda xalq maslahatchilari sifatida, shuningdek, qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda jamoatchilikning keng ishtirokini taʼminlash borasidagi ustuvor yoʻnalishlar haqida ham toʻxtalib oʻtildi.

    Nomzod Sirdaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboldagi imkoniyatlari haqida toʻxtaldi. Viloyatda aholi bandligi, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, ichimlik suvi va kommunal infratuzilma bilan bogʻliq muammolarga yechim topish zarurligi taʼkidlandi.

    Uchrashuvda bir qator faollar, Oʻzbekiston Qahramoni Saidahmad Shoimov, Yangiyer shahar “Muruvvat” nogiron ayollar uchun internat uyi direktori Nafisa Sharipova va boshqalar soʻzga chiqib Maqsuda Vorisovaning Saylovoldi dasturini qoʻllab-quvvatladi. Saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaga ovoz berishga chaqirdi.