Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov Toshkent viloyatida

    Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Toshkent viloyati Olmaliq shaxrida saylovchilar bilan uchrashdi.

    Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning Toshkent viloyati Olmaliq shaxrida saylovchilar bilan uchrashuvi boshlandi.

    Tadbirda nomzod haqida toʻliq maʼlumot berildi.

    Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvda Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni tubdan yaxshilash, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida uzluksiz taʼlimning sifat darajasini koʻtarish, ilm-fan rivojini jadallashtirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarga ham toʻxtaldi.

    – Ushbu vazifalarga erishish maqsadida, tibbiyot sohasida “Sogʻlom muhit – inson salomatligi!” shiori ostida aholi salomatligini saqlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, fuqarolarning oʻrtacha hayot davomiyligini oshirishga xizmat qiluvchi tibbiyot sohasidagi huquqiy baza takomillashtiriladi, – dedi Narzullo Oblomurodov. – Raqamli tibbiyotning asosiy infratuzilmasini yaratish, tibbiyot sohasining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, tibbiy texnika va dori-darmon ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi oshiriladi.

    Shuningdek, dasturda sanitariya-epidemiologiya sohasida potensial xavf-xatarlarni prognoz qilish, baholash, yuqumli kasalliklar tabiiy oʻchoqlari ustidan epidemiologik monitoring va epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlar majmui amalga oshirilishi belgilangan. Aholining kam taʼminlangan qatlamlari va ekologik nomaqbul hududlar aholisi uchun ijtimoiy tibbiy xizmat koʻrsatishning huquqiy asoslari ishlab chiqilishi va joriy etilishi belgilangan.

    Shuningdek, uchrashuvda Narzullo Oblomurodov oʻz saylovoldi dasturida belgilangan Orolboʻyi hududi muammolarini yechishga qaratilgan “Moʻynoqqa madad” xayriya velomarafoni, “Daraxt eking” aksiyasi, ekologik innovatsiyalar va yashil texnologiyalar tanlovi kabi yirik loyihalar haqida toʻxtaldi. Shu kunlarda viloyatda joriy yil 24-oktyabrda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik koʻrilayotgani haqida fikr bildirildi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri