Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

    Saylov 7 Oktabr 2021 3266

    Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Sirdaryo tumanida viloyat saylovchilari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvni nomzodning Sirdaryo viloyati boʻyicha ishonchli vakili P.Ahmedjonova ochdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi.

    Bu dastur mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan oʻnta ustuvor yoʻnalishdan iborat. Bular - iqtisodiyotni ilm va yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirish, faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy koʻmak orqali kambagʻallikni qisqartirish, qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirish, taʼlim sifatini yaxshilash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, aholi salomatligini mustahkamlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, madaniy-maʼnaviy sohalarni yuksaltirish yoʻnalishlaridir.

    Maʼruzada Sirdaryo viloyatida yuz berayotgan oʻzgarishlar qisqacha aytib oʻtildi. Xususan, oʻtgan besh yilda viloyatda mahalliy sanoat mahsuloti ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish hajmlari qariyb 2 barobarga oshgan.
    Viloyatga jalb qilingan sarmoyalar hajmi 3,5 barobar, toʻgʻridan-toʻgʻridan xorijiy investitsiyalar esa 9 barobarga oʻsgan.

    Asosiy eʼtibor mavjud muammolarni hal etish, viloyatni barcha sohalar boʻyicha rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash masalalariga qaratildi.

    Shu maqsadda nomzod tomonidan besh yillik dastur loyihasi ishlab chiqilgan. Xususan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 barobarga oshirish moʻljallangan. Bunga foydalanishdan chiqqan yerlarni oʻzlashtirish, melioratsiyani yaxshilash, urugʻchilik, baliqchilik, chorvachilik va anor yetishtirishni rivojlantirish orqali erishilishi aytildi.

    Viloyatda sanoat ravnaqi, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun imkoniyatlar koʻp. Shuning uchun har bir tumanda Loyiha guruhi tashkil etilib, “drayver” sohalardagi loyihalar moliyalashtirilishi taʼkidlandi.

    Umuman olganda, viloyatda kelgusi besh yilda energetika, kimyo, toʻqimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda 5 milliard dollarlik 2 mingta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi maqsad qilingan. Bu 60 mingta doimiy ish oʻrni yaratish imkonini beradi. Shu davrda viloyat eksportini 5 barobarga oshirib, yiliga 1 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.

    Nomzod uy-joy qurish, yoʻl-transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi vazifalarga ham toʻxtaldi. Jumladan, kelgusi besh yilda 10 ming xonadonli uy-joylar barpo etilishi rejalashtirilgan. Ichimlik suvi va oqova tarmoqlari yaxshilanadi. Avtomobil yoʻllari taʼmirlanadi va yangilari quriladi. Viloyatni Tojikiston orqali Fargʻona vodiysi bilan bogʻlovchi tranzit avtobus yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyiladi.

    Taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalaridagi rejalar ham bayon qilindi.

    - Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, olib borayotgan islohotlarimizning samaradorligini oshirish uchun bugun bizga maʼrifatli boshqaruv – ilm-fan va adolatli qonunlarga asoslangan, oqilona va samarali boshqaruv kerak. Endi odamlar dardiga beparvo boʻlgan, “aytganim – aytgan, deganim – degan” qabilida ishlaydigan rahbarlarni xalq ham, hayot ham qabul qilmaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Nomzod oʻz dasturidagi rejalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar borligi, bunda mehnatsevar sirdaryoliklar ishonchiga suyanishini taʼkidladi.

    Uchrashuvda partiya vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi va boshqalarni ham shunga chaqirdi.