Prezidentning harbiylarni uy bilan taʼminlash boʻyicha qarori eʼlon qilindi

    Harbiy 26 Avgust 2022 2168

    Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, harbiy xizmatdan rezervga (isteʼfoga) boʻshatilgan (chiqarilgan) fuqarolar va ularning oila aʼzolarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi takomillashtiriladi.

    Bu boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi. Xususan:

    - harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida orttirilgan kasallik yoki olingan jarohati tufayli harbiy xizmatni oʻtashga yaroqsiz deb topilib, rezervga (isteʼfoga) boʻshatilgan (chiqarilgan) Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini, shuningdek, halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning, ularning xizmat muddatidan qatʼi nazar, oila aʼzolari uy-joy bilan taʼminlanadi;

    - harbiy xizmatchilar boshqa vazirlik va idoralar tizimiga haqiqiy harbiy xizmatni oʻtash uchun oʻtkazilganda, ularga berilgan xizmat xonadonlari ham tegishli vazirlik va idoralar tasarrufiga oʻtkaziladi;

    - harbiy xizmatchilarga ajratiladigan uy-joy maydonining ijtimoiy normasini aniqlashda ularning oila aʼzolari bilan bir qatorda qaramogʻiga olingan shaxslar toifasiga aniqlik kiritiladi;

    - umumiy harbiy xizmat muddati 20 yil boʻlgan harbiy xizmatni oʻtab rezervga boʻshatilgan fuqarolar davlat hisobidan turarjoy bilan taʼminlanadi, shu bilan birga ularning oliy taʼlim muassasalarida oʻqish davri hamda davlat organlari va tashkilotlaridagi mehnat faoliyati yillari haqiqiy harbiy xizmat yillari davriga qoʻshib hisoblanadi.