Prezidentning Maxsus topshiriqlar boʻyicha maslahatchisiga qoʻshimcha vakolatlar berildi

    “Mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalaridagi strategik tahlil va tadqiqot qilish faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Tahliliy va tadqiqot tuzilmalar faoliyatini tashkil qilish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.

    Ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish boʻyicha uzoq muddatli strategik tahliliy hujjatlarni hamda mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid takliflarni muntazam ravishda Prezidentga kiritib borish Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

    Muvofiqlashtiruvchi kengash ichki va tashqi siyosat jarayonlari boʻyicha strategik tadqiqotlarni tashkil qilish hamda ularni oʻtkazishning barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga masʼul boʻlgan maslahat organi hisoblanadi.

    Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, umumiy muvofiqlashtirish hamda idoralararo hamkorlikni taʼminlash Prezidentning Maxsus topshiriqlar boʻyicha maslahatchisi tomonidan amalga oshiriladi.

    Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilmasida quyidagi yoʻnalishlarga masʼul boʻlgan ishchi guruhlar tashkil qilinadi:

    • xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlik;
    • davlat va jamiyat qurilishi;
    • ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish;
    • tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik;
    • hududlarni strategik rejalashtirish va rivojlantirish;
    • ekologik kun tartibi, shu jumladan iqlim oʻzgarishi, suv taqchilligi masalalari.