O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqi

    Hukumat 21 Mart 2023 4883

    Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar! Muhtaram mehmonlar! Mana shu go‘zal va hayajonli damlarda muazzam “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turib, siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun xalqimizni ulug‘ ayyom – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman.

    Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

    Muhtaram mehmonlar!

    Mana shu go‘zal va hayajonli damlarda muazzam “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turib, siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun xalqimizni ulug‘ ayyom – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman.

    Bugun bepoyon Vatanimizning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bog‘ va maydonlarida el-yurtimiz katta shodu xurramlik bilan Navro‘z sayillarini o‘tkazmoqda.

    Qalblarimiz quvonchga to‘lib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksayu yosh jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

    Sharqona yangi yilimiz muborak bo‘lsin!

    Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ kelsin!

    Qadrli do‘stlar!

    Bugun jonajon yurtimizga go‘zallik va nafosat, yasharish va yangilanish, mehr va oqibat bayrami – Navro‘z kirib kelar ekan, dala va qirlarimiz, bog‘ va yaylovlarimiz ko‘klam yomg‘irlari – obirahmatdan bahramand bo‘lib, bo‘lg‘usi mo‘l hosil, qut va barakadan darak bermoqda.

    Har bir inson o‘zining tabiat farzandi ekanini yanada chuqur anglayotgan mana shunday munavvar ayyomga el-yurtimiz bilan sog‘-omon yetganimiz uchun, avvalo, Yaratganimizga behad shukronalar aytamiz.

    Hurmatli bayram ishtirokchilari!

    Biz bugun yurtimizda Yangi O‘zbekistonni – inson erkin, ozod va farovon yashaydigan jamiyat va davlatni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqdamiz.

    Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – bu 36 millionli katta xalqimizning azmu qarori, uning hayot mazmunidir.

    Bu olijanob maqsad Navro‘zi olam falsafasi va qadriyatlari bilan g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.

    Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish – mana, bizning bosh maqsadimiz.

    Shu ezgu yo‘lda iqtisodiyotimiz va ijtimoiy sohalarni har tomonlama rivojlantirish, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sog‘lom turmush tarzi va sport, ona tabiatni asrash kabi yo‘nalishlarda boshlagan katta-katta dasturlarimizni jadal davom ettiramiz.

    Hayotimizni yanada go‘zal va obod qilishda biz mo‘’tabar otaxon va onaxonlarimizdan, ularning dono maslahatlari va duoi fotihalaridan kuch-quvvat olamiz.

    Milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga – butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz.

    Shu qutlug‘ ayyomda sizlarning har biringizga Vatan ravnaqi yo‘lida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, chin yurakdan tashakkur bildiraman.

    Siz, azizlar oldimizda turgan muhim siyosiy tadbirda ham yuksak siyosiy tafakkur va madaniyatingizni namoyon etib, erishgan yutuqlarimiz va islohotlarimizni qat’iy davom ettirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga o‘z hissangizni qo‘shasizlar, deb ishonaman.

    Mana shu betakror lahzalarda ko‘klamning har bir kuni, har bir soatini g‘animat bilib, dalasiga yo‘l olayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizga eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.

    Bugun katta orzu-umidlar bilan saflarimizga kirib kelayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimizni – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini barchamiz samimiy olqishlab, ularga baxt va omad tilaymiz.

    Men bir fikrni takror va takror aytishdan charchamayman – har tomonlama sog‘lom va barkamol, bilimli va serg‘ayrat yoshlarimiz eng yuksak marralarni egallashlari uchun biz barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib beramiz.

    Aziz farzandlarimiz el-yurtimiz ishonchini oqlab, katta-katta g‘alabalarga erishayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi.

    Kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi qizg‘in bellashuvlarda mustahkam iroda va mahorat namunasini ko‘rsatib, Osiyo chempioni degan yuksak sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

    Ayni paytda ular Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini ham qo‘lga kiritdilar.

    Shu bilan birga, O‘zbekiston yoshlari xokkey bo‘yicha o‘n sakkiz yosh toifasida barcha raqiblarni ortda qoldirib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdilar.

    Mamlakatimiz sport tarixida ilk bor mana shunday katta zafar qozongan yosh xokkeychilarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.

    Ayniqsa, iqtidorli hujumchimiz Jasurbek Rustamxonov musobaqa davomida o‘n to‘rtta gol urib, chempionatning haqiqiy qahramoniga aylandi.

    Shuningdek, yurtimiz yosh shaxmatchilarining yuksak intellektual salohiyati dunyo bo‘ylab tillarda doston bo‘lmoqda, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

    Yaqinda Toshkentda xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda iste’dodli shaxmatchi qizimiz Nilufar Yoqubboyeva 100 dan ortiq xorijiy ishtirokchilar qatnashgan musobaqada faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganini alohida ta’kidlab aytmoqchiman.

    Mana shunday umidbaxsh yutuqlari bilan azmu shijoatli farzandlarimiz yurtimiz yoshlari qanday ulkan ishlarga qodir ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdilar.

    Shu kabi g‘oyat muhim yutuqlarga yoshlarimiz ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot sohalarida ham erishib kelmoqdalar.

    Shu munosabat bilan yosh chempion va sovrindorlarimizni, ularning ustoz va murabbiylari, ota-onalarini, barcha sport muxlislarini, butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklayman.

    Bu, hech shubhasiz, azamat yoshlarimizning el-yurtimizga haqiqiy Navro‘z sovg‘asi bo‘ldi.

    Yangi O‘zbekistonga albatta mana shunday g‘alabalar yarashadi.

    Yangi O‘zbekistonga millionlab tengdoshlariga o‘rnak va namuna bo‘ladigan mana shunday vatanparvar, qahramon yoshlar kerak.

    O‘z davrida jahonni lol qoldirgan buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari bo‘lgan bunday yoshlarimiz bilan xalqimiz, Vatanimiz haqli ravishda faxrlanadi.

    Katta rahmat sizlarga, aziz farzandlarim!

    Hayot yo‘llaringizda barchangizga doimo yangi omad va zafarlar yor bo‘lsin!

    Muhtaram vatandoshlar!

    Mir Alisher Navoiy bobomizning olam ahliga, biz – avlodlarga qarata “Har kuning Navro‘z bo‘lsin!” deb aytgan tilaklarini hammamiz yaxshi bilamiz.

    Shu ma’noda, keksalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, yordam va ko‘makka muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, bemorlarning dardiga darmon bo‘lish kabi xalqimizga xos savobli amallarni nafaqat Navro‘z ayyomida, balki har kuni, vijdon amri bilan ado etishimiz lozim.

    Bugun biz barpo etayotgan ijtimoiy va xalqparvar davlatda mehr-shafqat, saxovat va himmat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur.

    Men barchangizni, avvalambor, rahbar va mutasaddilarni shu borada yanada faol va samarali harakat qilishga da’vat etaman.

    Toki azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan Vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va e’tiborini to‘la his qilib yashasin.

    Qadrli do‘stlar!

    Bu yilgi xosiyatli Navro‘z fasli yurtimizga ko‘plab quvonchli voqealar, qo‘shaloq bayramlarni boshlab kelmoqda.

    Shu kunlarda barchamiz yana bir qutlug‘ va fazilatli oy – muqaddas Ramazoni sharif arafasida turibmiz.

    bugungi imkoniyatdan foydalanib, yurtimiz musulmonlarini, butun islom ummatini ana shu tabarruk ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

    Ushbu ilohiy oyda qiladigan xayrli amallarimiz qabul bo‘lib, ezgu va pok niyatlarimiz ijobat topishini tilayman.

    Ayni vaqtda mamlakatimizda ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan ham barchangizni qutlayman.

    Mustaqillik yillarida Navro‘zi olam diyorimizdagi barcha millat va elat vakillarini yagona va ahil oila etib birlashtiradigan do‘stlik va nafosat bayramiga aylanganini biz yuksak qadrlaymiz.

    Bunday noyob va bebaho boyligimizni hamisha ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylaymiz.

    Tinchlik va bag‘rikenglik elchisi bo‘lgan bu ayyom – 21 mart Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarori bilan Xalqaro Navro‘z kuni sifatida keng nishonlab kelinayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.

    Fursatdan foydalanib, bizga hurmat ko‘rsatib, bugungi sayil-shodiyonamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini chin dildan qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga samimiy salom va ezgu tilaklarimizni yo‘llaymiz.

    Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

    Barchangizni, butun xalqimizni Navro‘z umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.

    Fasli navbahor har bir oila, har bir mahallaga, elu yurtimizga tinchlik va farovonlik, baxtu saodat olib kelsin!

    Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!

    Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

    Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!