Probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron braslet qoʻllaniladi

    Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan “Probatsiya toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi.

    Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.

    Qonunga koʻra, shaxsni probatsiya hisobiga qoʻyish mazkur shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) probatsiya boʻlinmasining xodimi tomonidan probatsiyaga oid axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritish orqali amalga oshiriladi.

    Elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni oʻtash tartibi talablarini bajarmayotganligi toʻgʻrisida rasmiy ravishda ogohlantirilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni oʻtash davrida jamoat tartibini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan tuman (shahar) probatsiya boʻlinmasi boshligʻining qarori asosida qoʻllaniladi.

    Probatsiya nazoratidagi shaxslarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsatish ularda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini va jamiyatda yurish-turish qoidalariga hurmat bilan munosabatda boʻlishni shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi.

    Probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori belgilangan mezonlar asosida har 3 oyda baholanadi va ularning ijtimoiy-psixologik qiyofalarida aks ettiriladi.