Taʼkidlanganidek, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish, probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish boʻyicha yangi tizim yaratildi. Bu borada 2024-yil 7-avgustda “Probatsiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Ushbu tizim doirasida maʼmuriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, maʼnaviy va jismoniy jihatdan rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirib kelinyapti.
Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatimizda maʼmuriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar oʻrtasida keng qamrovli profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishiga qaramasdan maʼmuriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ortib boryapti.
Bu esa mazkur yoʻnalishdagi huquqiy taʼsir choralarining qayta koʻrib chiqilishini talab etadi.
2023-yilda maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi 5 529 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan. 2024-yilning 9 oyida 5 689 nafarni tashkil etgan va bu toifadagi shaxslar 160 nafarga ortgan.
Bundan tashqari, 2023-yilda 83 763 nafar shaxs ichki ishlar organlarining probatsiya nazoratida turgan boʻlsa, 2024-yilning 9 oyida bu koʻrsatkich 86 226 nafarni tashkil etgan, yaʼni joriy yilda bunday shaxslar 2 463 taga koʻpaygan.
2023-yilda maʼmuriy nazoratda turgan 4 167 nafar shaxs sudlar tomonidan oʻrnatilgan taqiq (cheklov)larga rioya qilmaganligi uchun ularga birinchi marotaba maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 2024-yilning 9 oyida 3 153 nafar shaxsga maʼmuriy bayonnomalar tuzilgan.
Aynan shu toifadagi shaxslar sudlar tomonidan belgilangan taqiq (cheklov)larga bir necha bor rioya qilmaganligi uchun 2023-yilda 717 nafar va 2024-yilning 9 oyida esa 637 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 226-moddasi (Maʼmuriy nazorat qoidalarini buzish) boʻyicha javobgarlikka tortilgan.
Bugungi kunda sud tomonidan belgilangan cheklovlar va majburiyatlarga rioya etmayotgan probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilayotgani tufayli, shu jumladan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarning oldini olish boʻyicha tezkor hamda taʼsirchan choralar koʻrilishini taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlari probatsiya boʻlinmalari xodimlariga qoʻshimcha vakolatlarni berish zarurati yuzaga kelyapti.
Shu bois Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazorat ostida turgan maxsus toifa shaxslar oʻrtasida qonun ustuvorligini taʼminlash, ularda qonunga itoatkor xulq-atvorni, insonga, mehnatga, ijtimoiy turmush qoidalari va anʼanalariga hurmat munosabatini shakllantirish maqsadida Qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Muhokama etilgan Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 206-moddasi sanksiya qismiga amalda boʻlgan jarima jazosidan tashqari maʼmuriy qamoq jazosi ham kiritilyapti.
Probatsiya boʻlinmalari xodimlarining nazorati ostidagi shaxs tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma tuzish uchun uni hududiylik jihatdan yaqin orada joylashgan tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish kerak, bu probatsiya xodimining ish samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab boʻlyapti.
Shu bois muhokama etilayotgan Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 248-moddasi toʻrtinchi qismiga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish orqali ichki ishlar organlarining 1852 va 187-moddalari boʻyicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi bayonnomani tuzish vakolatini probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga berish normasi belgilab qoʻyiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.