Bugun sohani sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish va tarmoqlarni rivojlantirish maqsadida qator ishlar bajarilmoqda. Talabalarga berilayotgan taʼlim-tarbiya, pedagoglarga hurmat-eʼtibor tobora yuksalib bormoqda. Ustoz-murabbiylarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, isteʼdodli yoshlarni kashf etish, ularni oʻzlari qiziqqan hamda orzu qilgan kasbda yetuk mutaxassis sifatida tarbiyalash sohaning muhim vazifasiga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida oliy taʼlimni bosqichma-bosqich belgilangan koʻrsatkichlar yordamida rivojlantirish nazarda tutilgan. Ayni paytda oliy oʻquv yurtlarida shu asosida keng koʻlamli harakatlar olib borilmoqda. Xususan, keyingi yillarda oliygohlar soni oshdi, abituriyentlar uchun kvotalar sezilarli darajada koʻpaydi. Qabul tizimini isloh qilish va taʼlim sifatini oshirish xalqaro reyting koʻrsatkichlarida oʻrin egallashning asosiy koʻrsatkichlaridan biridir.
2024/2025 oʻquv yilida mamlakat miqyosida 186 ming 871 abituriyent bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga talabalikka tavsiya etilgan. Shundan 41 ming 153 nafari davlat granti, 145 ming 718 nafari esa toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan. Joriy oʻquv yilida Qarshi davlat universitetida 10 ta yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, 5 ta magistratura mutaxassisligi ochildi hamda 2676 abituriyent talabalik baxtiga muyassar boʻldi. Ayni kunda OTMda umumiy hisobda 67 ta kunduzgi (7 ta qoʻshma taʼlim) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, 29 ta (4 ta qoʻshma taʼlim) magistratura mutaxassisligi boʻyicha talabalar tahsil olmoqda.
Universitetda ilmiy darajali 368 professor-oʻqituvchi faoliyat yuritmoqda. Ayni vaqtda ilmiy salohiyat 45 foizni tashkil qilmoqda. Bu 2021-yilga nisbatan 18 foiz oʻsish demakdir. Taʼlim-tarbiya samaradorligi oliy taʼlim tizimida oʻquv jarayonini sifatli tashkil qilish, malakali kadrlarni tanlash, oʻqitishning zamonaviy shakllarini yoʻlga qoʻyish kabi qator masalalar bilan uzviy bogʻliq. Oliy oʻquv yurtlari moddiy-texnik bazasining mustahkam va boy boʻlishi yoshlarning sifatli taʼlim olishiga imkon yaratadi. Bu borada universitetda samarali ishlar qilindi.
2024-yilda viloyatdagi hududiy muammolarga ilmiy yechim topish, ilmiy yoʻnalishni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun laboratoriyalar tashkil qilindi. Ularning moddiy-texnik bazasi shakllantirildi. Biologik faol moddalar kimyosi va fizik-kimyoviy tadqiqotlar, Mikrobiotexnologiya, Noanʼanaviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish muammolari, Mikro va nanoelektronika, Tuproqshunoslik, Ichki kasalliklarda qonning biokimyoviy tahlilini tizimli oʻrganish, Fiziologik tadqiqotlar ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari hamda Muqobil energiya manbalaridan foydalanish oʻquv-ilmiy laboratoriyasi shular jumlasidan.
Oliygohdagi ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, hududiy muammolarga ilmiy yechimlar topish va jahon standartlariga muvofiqlashtirish maqsadida joriy yilda OTM hududida xalqaro ilmiy laboratoriyalar markazi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Hamkorlik va natijalar sarhisobi
Bundan tashqari, dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish va ularda oʻqituvchilarning stajirovka oʻtashi hamda malakasini oshirish borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2024-yilda universitetning 90 professor-oʻqituvchisi xorijda malaka oshirdi, xalqaro stajirovkada boʻldi. Bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan 5 barobar koʻp ekanini eʼtirof etish mumkin. Erishilgan natijalar samarasi oʻlaroq, 2024-yil 6-noyabrda eʼlon qilingan nufuzli xalqaro Quacquarelli Symonds (QS) reyting tashkiloti Osiyo universitetlarining 2025-yil uchun reyting natijalariga koʻra, Qarshi davlat universiteti 801-850, Markaziy Osiyo davlatlari orasida 55-oʻrinni egalladi.
2022-yildan boshlab universitet xalqaro tan olingan Times Higher Education (THE) reytingida dunyoning 1000 ta eng kuchli oliy taʼlim muassasalari roʻyxatidan oʻrin egallash maqsadida ishtirok etib kelmoqda. Qilingan ishlar natijasida Qarshi davlat universitetiga Times Higher Education World University Rankings — 2023 xalqaro reytingida “Reporter” maqomi berildi.
THE Impact Rankings-2024 Qarshi davlat universiteti xalqaro reytinglarda yangi bosqichga koʻtarilib, (THE) Impact Ranking — 2024 da BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha 6 yoʻnalishda ilgʻor 1000 talik, 3 yoʻnalishda 1500 talik roʻyxatga kiritildi.
Joriy oʻquv yilida Qarshi davlat universitetiga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ajratilgan barcha kvotaga abituriyentlar hujjat topshirdi. Nafaqat ajratilgan kvotalar toʻlgani, balki abituriyentlar oʻrtasida ajratilgan davlat granti va toʻlov-kontrakt asosidagi oʻrinlar uchun ham tanlov mavjudligi bilimli abituriyentlarni saralab olish imkonini berdi.
Talabalar oʻqish davomida ilmiy va pedagogik salohiyati yuqori boʻlgan professor-oʻqituvchilar jamoasidan taʼlim oladi. Olingan bilimlar nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda. Xususan, 2023/2024 oʻquv yilida universitetning 20 ga yaqin ortiq talabasi matematika, kimyo va tibbiyot fanlaridan xalqaro olimpiadada gʻolib va sovrindor boʻldi.
2024/2025 oʻquv yili uchun universitetga oʻqishga kirish ballari avvalgi yilgi natijalarga nisbatan sezilarli darajada yuqori boʻldi. Kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha 48 ta yoʻnalishga ajratilgan 1856 ta kvotaga toʻliq talaba qabul qilingan boʻlsa, 17 ta taʼlim yoʻnalishiga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirish uchun 100 balldan ortiq ball yiqqan abituriyentlar qabul qilindi.
Taʼlim dasturlari 2030-yilgacha xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi
Oliy taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha Yevropa assotsiatsiyasi (ENQA) aʼzoligiga ega “IAAR” mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligining tashqi ekspert komissiyasi Qarshi davlat universitetidagi taʼlim sifati va samaradorligi jahon standartlari hamda mezonlariga muvofiqligini baholadi. OTMning filologiya va tillarni oʻqitish (ingliz tili) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi 5-yil muddatga xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtdi.
Mazkur yoʻnalishning xalqaro darajada eʼtirof etilishi bejiz emas. Gap shundaki, 2023/2024 oʻquv yilida davlat grantida oʻqish uchun 178,4 ball, toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun 151,6 ball toʻplash talab qilingan boʻlsa, 2024/2025 oʻquv yili uchun bu koʻrsatkich davlat granti uchun 180,4 ball, toʻlov-kontrakt asosidagi oʻqish uchun 169,9 ballni tashkil qildi. Bu joriy yilda aynan shu taʼlim dasturi boʻyicha mamlakatimizdagi yuqori salohiyatga ega xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashgan boshqa oliy taʼlim muassasalariga kirish ballariga nisbatan yuqori boʻlganini aytish mumkin. Mazkur holat misolida oʻtish ballari faqat filologiya va tillarni oʻqitish (ingliz tili) bakalavriat taʼlim dasturi uchun emas, balki boshqa taʼlim yoʻnalishlarida ham yuqori boʻlganini aytish mumkin. Shuning uchun ham universitetda tahsil olgan kadrlarga ehtiyoj yuqori. Tahlil natijalar har yili bitiruvchilarimizning 95-96 foizi oʻz ish oʻrniga ega boʻlayotganini, yurtimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga hissa qoʻshib kelayotganini koʻrsatmoqda.
2025-yilda yana 6 ta taʼlim dasturini, 2030-yilgacha universitetdagi barcha taʼlim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishni rejalashtirganmiz.
Mazkur raqamlar shunchaki koʻrsatkichlar emas, balki Qarshi davlat universitetini xalqimiz eʼtirof etayotgani isboti deyish mumkin. Universitetlar reytingini tuzishda taʼlim yoʻnalishlariga abituriyentlar tomonidan hujjatlar kelib tushishi yoki talab mavjudligi bilan birga yoʻnalishlar boʻyicha oʻqishga kirish uchun ballar yuqoriligi inobatga olinishi mantiqan toʻgʻri boʻladi.
Dilmurod NABIYEV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali