Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizda 2020-2021 o'quv yilidan boshlab kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida Milliy malaka tizimini ishlab chiqish, yurtimizda 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etish bo'yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Malaka tizimi rivojlangan davlatlarda sinovdan o'tgan, mehnat bozori, professional ta'lim, kasbga o'qitish va o'rgatish tizimining uyg'unlashuvi sifatida muvaffaqiyat qozongan. Shu bois, O'zbekistonda ham joriy yildan boshlab ilk bor milliy va tarmoq ixtisoslashuv tizimi, kasb va mutaxassisliklar bo'yicha professional standartlar hamda tabaqalashtirilgan ta'lim standarti va dasturlari joriy etilmoqda. Bu esa, o'z navbatida, mehnat bozori bilan ta'lim sohasi integrasiyasini ta'minlashga xizmat qiladi.
Bu erda gap nafaqat mahalliy mehnat bozori, balki xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning mutaxassis sifatidagi mavqei, xalqaro talablarga mosligi, xorijda ham nufuzli joylarda mehnat qila olishi, munosib ish haqiga ega bo'lishi, qolaversa, butun boshli millat imiji haqida bormoqda.
Xorijga ish izlab ketayotgan aksariyat migrant yurtdoshlarimiz qurilish, obodonlashtirish, qishloq xo'jaligida yuqori malaka talab etmaydigan, og'ir, kam ish haqi to'lanadigan, xalq iborasi bilan aytganda, “qora mehnat” bilan shug'ullanmoqda.
Bu holatning asosiy sabablaridan biri mamlakatimizda ana shu “qora mehnat”ga muqobil bo'ladigan, yuqori maosh to'lanadigan, mehnat unumdorligini ta'minlaydigan, nufuzli ish o'rinlarida faoliyat yuritish imkonini beradigan Milliy malaka tizimi asosida o'qitish, kasbga o'rgatishning yo'lga qo'yilmaganidir. Shu bois, professional ta'lim tizimida mutaxassislarga yuqori malaka berish bosh maqsadga aylanishi kerak. Juda ko'p mamlakatlarda zamonaviy milliy malaka tizimi joriy etilgan, korxonalarning professional standart talablari asosida ishga qabul qilishi qat'iy belgilab qo'yilgan.
Malaka — xalqaro ta'lim bozorida ixtisoslashuv deb ham ataladi, bu ish beruvchi tomonidan xodim(yollanuvchi, ish o'rniga da'vogar, bo'sh ish o'rinlari tanlovida qatnashuvchi, ishchi yoki xizmatchi)ga qo'yilgan talab va yuklatilgan vazifalar majmuidir.
Malaka o'zida xodimning mehnat faoliyatiga qo'yiladigan mas'uliyat, kasbiy tajriba, mahorat hamda rag'batni mujassamlashtiradi. Ish beruvchi tomonidan mutaxassis, ishchi xodimga qo'yilgan malaka talablari professional ta'lim standartlarida aks etishi shart. Aks holda, ta'lim va ishlab chiqarish, bitiruvchi malakasi va ish beruvchi talablari o'rtasidagi uzviylik yo'qoladi.
Professional standart — ish beruvchining har bir ish o'rni yoki unga da'vogar bajaradigan mehnat vazifalari tafsiloti, tajriba, kasbiy mahorati tavsifi, tasnifi (mehnat faoliyati natijasida etishtirayotgan, ishlab chiqarayotgan mahsulot hamda ko'rsatayotgan xizmatlarining sifati) belgilangan me'yoriy hujjat. U o'zida xodimning bilim, ko'nikma va imkoniyatlarini aks ettiradi.
Yana bir muhim jihati shundaki, professional ta'lim standartida xodimning malaka darajasi aniq belgilangan bo'ladi. eng asosiysi, ana shu malaka darajasi xodimning o'sishi va keyingi ixtisoslashuv darajasi yuksalishiga pillapoya bo'lib xizmat qiladi.
Rivojlangan davlatlar, jahonga mashhur gigant kompaniyalarda bu juda kuchli motivatsiya, to'g'ri yo'naltiruvchi va rag'bat beruvchi omil hisoblanadi. Chunki bunda xodimning nufuzi bosqichma-bosqich yuqorilab borishi uchun zarur tizim va moliyaviy rag'batlar ko'zda tutilgan. Bu tizim, o'z navbatida, xodimning raqobatga doim tayyor turishini, malakasini oshirib borishini va kelajakda muvaffaqiyatga erishishini kafolatlaydi. Masalan, elektr ustasi kasbining bir nechta malaka darajasi mavjud. Lekin shu paytgacha ularning barchasiga bir xil hujjat berilgan, unda bugungi mehnat bozori talablari shakllantirilmagan va baholanmagan. Bu esa shu diplomga ega shaxsning chet elda o'ziga mos ish topishiga imkon bermagan. Chunki uning malaka darajasini tartibga soladigan tizim mavjud emas edi.
O'zbekistonda endi yangi professional ta'limda birinchi marta har bir mutaxassisning xalqaro me'yorlarga mos malaka darajasini belgilab berishga asos bo'ladigan hujjat — Milliy malaka tizimi qabul qilindi. Iqtisodiyotning har bir sohasi bo'yicha tarmoq malaka tizimlari belgilandi.
Ayni paytda har bir ish o'rni va lavozimning vazifalari, tasnifi va uni samarali, muvaffaqiyatli bajarish uchun lozim bo'lgan ko'nikma, bilim va layoqatlilik yoritilgan malaka talablarining yangi formatdagi me'yoriy asoslari yaratilmoqda. endi professional ta'lim dasturlarining mazmuni, ta'lim natijalari, ta'limning sifati shu me'yoriy asoslarga muvofiq shakllantiriladi. Bu tizim biz tayyorlayotgan mutaxassislarning ham mahalliy, ham xorijiy mehnat bozori o'zgarishlariga moslasha olishiga imkoniyat yaratadi. Ustiga-ustak, ayni paytda mehnat bozorida raqobat muhiti ancha keskinlashgan, korxonalarning ishchi yoki mutaxassis yollash tizimlari takomillashgan, talablar mutlaqo o'zgargan.
Bu holatni oddiy qilib tushuntiradigan bo'lsak, endi ish beruvchi faqat diplom bilan kifoyalanmayapti. Qo'lingdan nima keladi, boshqalardan nima ustunliging bor, deb so'ralyapti. Agar rasmiy tilda ifoda etsak, ish beruvchi tasdiqlangan malaka darajasi, baholangan layoqatlilikni talab qilyapti. Qolaversa, bugun mehnat bozorida raqobatning asosiy sharti ham shu.
Bugungi ish beruvchi har bir xodimni ishga tanlov asosida qabul qiladi. Da'vogarlar ish beruvchiga o'zi va malakasi haqida ma'lumot, malaka sertifikatini taqdim etadi, undan so'ng suhbat asosida layoqatliligi baholanadi.
Shu bois, bir ish o'rniga bir nechta da'vogar bo'lib turgan hozirgi holatda ish beruvchi ishga olish uchun nimalarni o'lchov, me'yor yoki baholash mezoni qiladi, degan savolga bugungi zamonaviy ta'lim tizimida aniq javob bo'lishi kerak.
Bu o'rinda ish beruvchi korxona bilan ta'lim muassasalarining munosabati muhim ahamiyatga ega. Bu munosabat va maqsadlar uyg'unlashtirishning yagona formati bo'lgan professional ta'lim standartlarida o'z aksini topadi. Ish beruvchi professional ta'lim tizimida ham buyurtmachi, ham pudratchi vazifasini bajarishi kerak. CHunki professional ta'lim standarti ish beruvchi tomonidan qo'yiladigan malaka talablarining barcha jihatlarini o'zida mujassamlashtiradi. Bir so'z bilan aytganda, ish beruvchi ta'lim beruvchiga ishonchli hamkor bo'lishi kerak.
Ayni shu ma'noda sifatsiz professional ta'lim standarti samarasiz professional ta'limga sabab bo'lishi mumkin. Bundan xulosa shuki, mukammal professional ta'lim standarti aslida ta'lim sifatiga buyurtma demakdir.
Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun moliyaviy, texnik, texnologik va, albatta, inson resurslari zarur. Ana shu resurslar qanchalik quvvatli bo'lsa, natija ham shunga yarasha bo'ladi. Inson resurslarini rivojlantirish orqali yoshlar, xotin-qizlar, kambag'allikni qisqartirish va migrantlar kabi dolzarb masalalarga doir yangi siyosatni amalga oshirish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, pirovardida iqtisodiy yuksalish bilan bog'liq jiddiy siyosiy vazifalar o'z echimini topishi nazarda tutilmoqda.
Milliy malaka tizimining qabul qilinishi, professional ta'lim standartlarining joriy etilishi yoshlarimizning professional o'sish yo'nalishlarini belgilab olishlariga imkon yaratadi, o'z istiqbolini yuksaltirish, umuman aytganda, ertangi kunga qat'iy ishonch paydo qiladi. U, ayniqsa, investitsiya dasturlari asosida yangi texnologiyalar kirib kelayotgan sohalar, korxonalar, mehnat migrantlari sifatida xorijga ketayotgan yoshlarimiz uchun muhim ahamiyatga ega. Bir so'z bilan aytganda, Milliy malaka tizimi yoshlarimiz potentsialini oshiradi, mehnat bozoridagi imkoniyatlarni kengaytiradi, raqobatbardoshlikni ta'minlaydi.
Bugun professional ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning istiqboli, samara va natijasi ish beruvchi va ta'lim muassasasining o'zaro hamkorligiga, ishlab chiqarish va o'quv jarayonining uzviyligi, milliy malaka tizimining muvaffaqiyatli joriy etilishi, mukammal professional standart va sifatli ta'limga bog'liq. Bu tizimning muvaffaqiyatli joriy etilishi yaqin istiqboldagi taraqqiyotimiz jadallashuvini ham belgilaydi.
Murodulla XOLMUHAMEDOV,
oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri o'rinbosari