Professional taʼlimni tashkil etish va amalga oshirish tartibi belgilandi

    Ta'lim 11 Avgust 2020 12983

    “Oʻzbekiston Respublikasida uzluksiz boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” Hukumat qarori (466-son, 07.08.2020-y.) qabul qilindi.

    Qaror bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, professional taʼlim mehnat bozoridagi kadrlarga boʻlgan real ehtiyoj, ish beruvchilarning takliflari hamda “Hayot davomida taʼlim olish” prinsipi asosida taʼlim olishga moʻljallangan.

    Professional taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarda amalga oshiriladi.

    Ushbu taʼlim muassasalarini tashkil etish va tugatish Hukumat tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

    Nodavlat professional taʼlim muassasalari belgilangan tartibda jismoniy va nodavlat yuridik shaxslar tomonidan tashkil etiladi.

    Davlat organlari va xoʻjalik birlashmalari professional taʼlim muassasalarining muassisi boʻlishi mumkin.

    Kollejlar va texnikumlarda kunduzgi, sirtqi va kechgi taʼlim shakllari joriy etiladi.

    Professional taʼlim muassasalarida qoidaga koʻra, guruhlarda kamida 12 nafar va koʻpi bilan 30 nafar oʻquvchi boʻladi.

    Taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli bitirganlarga davlat namunasidagi diplom beriladi.

    Diplom olingan bilim, koʻnikma va malakalarni mehnat faoliyatida qoʻllash huquqini beradi.