Profilaktika inspektori mast erkak tomonidan jarohatlandi

    Janjal koʻtargan xonadon egasi mast holda boʻlgan va uni tartibga chaqirgan IIO xodimining koʻkrak qafasiga oshxona pichogʻi bilan zarba bergan.

    Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yangihayot tumanida “uchastkovыy” pichoqlanganligi haqida xabarga izoh berdi.

    Aniqlanishicha, shu yilning 14-aprel kuni Yangihayot tumani IIB XPB profilaktika inspektorlari bir xonadonda janjal boʻlayotganligi haqidagi xabarga aniqlik kiritish maqsadida yetib borgan.

    Shu payt, mast holda boʻlgan xonadon egasi xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga qarshilik koʻrsatib, profilaktika inspektorlaridan birining koʻkrak qafasiga oshxona pichogʻi bilan zarba beradi.

    Tan jarohati olgan profilaktika inspektori shifoxonaga olib borilgan va unga tibbiy yordam koʻrsatilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105 (Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish) va 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Tergov harakatlari olib borilmoqda.