Profilaktika inspektori xotini, farzandi va oʻzini otib tashladi

    Shu yilning 6-avgust kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida Profilaktika inspektori oilaviy kelishmovchilik sabab xotini va 7 oylik farzandini, soʻngra oʻzini otib oʻldirdi.

    Holat boʻyicha Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov “Yuz.uz” ga maʼlumot berdi.

    Hayot Shamsutdinovning maʼlum qilishicha, holat 6-avgust kuni kech soat 21:00 lar atrofida Boʻstonliqda Profilaktika inspektorining yashash xonadonida sodir boʻlgan.

    Maʼlumotlarga qaraganda, 1996-yilda tugʻilgan Boʻstonliq tumani IIB JXX XPB profilaktika inspektori turmush oʻrtogʻi bilan oʻzaro kelishmovchilik sababli oʻrtalarida janjal kelib chiqqan. Shundan soʻng u oʻziga biriktirilgan “PM tabel” quroli bilan turmush oʻrtogʻi va 2024-yilda tugʻilgan oʻgʻil farzandiga oʻq uzib, qasddan oʻldirib, jinoiy qilmishidan qutilib qolish maqsadida oʻsha qurol bilan oʻzining ham bosh qismiga oʻq uzib, oʻz joniga qasd qilgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Boʻstonliq tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.