Profilaktika inspektorlariga qo'shimcha vazifalar yuklanmaydigan bo'ldi

    Shusiz ham ular qonun-hujjatlarida belgilangan 14 ta yoʻnalish boʻyicha faoliyat yuritishmoqda.

    Maʼlumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinmoqda. Unga koʻra, elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish holatlarining aksariyati joylardagi aholi tomonidan sodir etilishi sabab qilib koʻrsatilgan holda, bu boradagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga taalluqli boʻlishi belgilanayotgan edi.

    Mazkur masala deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilinib, bu boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarimizni bildirgan edik. Chunki, ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga qoʻshimcha ravishda keng qamrovli kommunal sohadagi yuklamalarni berish notoʻgʻri ish boʻladi. Shusiz ham ular qonun-hujjatlarida belgilangan 14 ta yoʻnalish boʻyicha faoliyat yuritishmoqda.

    Shu bilan birga, ushbu vazifani amalga oshirish uchun profilaktika (katta) inspektorlarida yetarlicha bilim mavjud emasligi, yaʼni bu sohada mutaxassis emasliklari bu borada natijadan koʻra aksincha qator muammolarni, qolaversa, korrupsion holatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

    Joylarda oʻrganishlar vaqtida profilaktika inspektorlari bilan suhbatlar oʻtkazilganda, ular ham bu vazifaning yuklatilishi murakkabliklarni keltirib chiqarishini alohida taʼkidlashdi.

    Shuningdek, profilaktika (katta) inspektorlariga ularning bevosita xizmat vazifalariga taaluqli boʻlmagan topshiriqlarni yuklash emas, aksincha ularning xizmat vazifalarini optimallashtirish hamda ijtimoiy himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish orqali salohiyatini oshirish zarur.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, ichki ishlar xodimlari, xususan, profilaktika inspektorlariga qoʻshimcha vazifa yuklash masalasi deputatlarning tashabbusi bilan qonun loyihasidan chiqarildi.

    Amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, oʻzi asosiy ishi hududda osoyishtalikni taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻlgan profilaktika inspektoriga shu kabi oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan vazifalarning yuklash oqibatida hech bir yoʻnalishda ijobiy natijaga erishish qiyin.

    Xulosamiz shunday: jamiyatda hamma tuzilma oʻz vazifasini bajarishi zarur, boshqa sohalarga aralashishlar aks taʼsir qilib, muammolar koʻpayishi mumkin.

    Firdavs SHARIPOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati