Profilaktika katta inspektori xizmat vaqtida jarohat oldi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent tumanida profilaktika inspektori pichoqlab ketildi” izohi bilan xabarlar tarqalmoqda.

    Holat tarmoqlarda biroz boshqacharoq talqin qilinmoqda. Aslida inspektor xizmat vaqtida jarohat olgan, deya voqeaga izoh berdi Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining Matbuot kotibi - Axborot xizmati rahbari Bobur Toʻlaganov.

    Taʼkidlanishicha, kecha 8-aprel soat 21:10larda Toshkent tumani Qorasaroy MFYda yashovchi, 1968-y.t. fuqaro Q.J. mast holda uyida janjal koʻtaradi. Shoshilinch chaqiruvga asosan voqea joyiga yetib borgan tuman IIB profilaktika katta inspektori podpolkovnik Murod Xaliqov, 56 yoshli fuqaroni tinchlantirayotganida u faol qarshilik koʻrsatib, qoʻlidagi pichoq bilan inspektorning chap bel qismiga urib jarohat yetkazgan.

    Natijada tungi xizmat vaqtida jarohat olgan profilaktika inspektori IIV Markaziy gospitaliga yotqizilgan. Fuqaro protsessual tartibda ushlangan va dastlabki tergovga qadar tekshiruv harakatlari prokuratura organlari tomonidan olib borilmoqda.