Progressiv islohotlar markazida AQSh Tinchlik instituti ekspertlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Progressiv islohotlar markazi (PIM) direktori Mirshohid Aslanov 22-aprelda AQSh Tinchlik instituti (USIP) ekspertlari Karla Friman, Beyts Gill va Alison Makfarlend bilan uchrashdi.

    Tomonlar aql markazlari oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini koʻrib chiqib, tashqi siyosiy jarayonlar, jumladan, Xitoyning global tashabbuslari va ularning Markaziy Osiyo mamlakatlariga taʼsiri yuzasidan fikr almashdilar. AQSh Markaziy Osiyo respublikalari, xususan, Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirishi mumkin boʻlgan sohalarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Doktor Karla Friman taʼkidlaganidek, ularning Toshkentga tashrifi AQSh Tinchlik institutida Si Szinpinning “Uch tashabbusi” — “Global xavfsizlik tashabbusi”, “Global taraqqiyot tashabbusi” va “Global sivilizatsiya tashabbusi”ga va ularning Markaziy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlariga taʼsiriga eʼtibor qaratgan holda Xitoy tashqi siyosatini oʻrganishga bagʻishlangan tadqiqot loyihasi doirasida amalga oshirilyapti. Ushbu tashabbus 2023-yil sentyabr oyida mintaqa davlat rahbarlari ishtirokida Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan 5+1 sammitidan soʻng Vashingtonda Markaziy Osiyo mamlakatlariga qiziqish ortib borayotganiga javoban USIP tomonidan ilgari surilgan.

    Ekspert Vashington Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Uning fikriga koʻra, Afgʻonistondan qoʻshinlar olib chiqilganidan soʻng hamda Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropaga eʼtibor kuchaygani sabab AQShning mintaqadagi ishtiroki amalda qisqargan. Biroq bunga qaramay Markaziy Osiyodagi ijobiy tendensiyalar AQSHdagi siyosatni shakllantiruvchi doiralarning eʼtiborini tortyapti. Ular ushbu jarayonlarga mintaqaviy tinchlik va farovonlikka erishishda ijobiy tajriba sifatida qaramoqda. Shu bilan birga, Karla Friman Oʻzbekistonning, ayniqsa, 2016-yildan keyingi mintaqalashtirish jarayonlaridagi rolini yuqori baholadi.

    Uchrashuv yakunida USIP ekspertlari PIMdagi hamkasblari bilan hamkorlik qilishga, jumladan, AQSh Tinchlik instituti veb-saytida tahliliy maqolalar chop etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Progressiv islohotlar markazi matbuot xizmati.