Prokuraturasi tergovchisi 13 yilga qamaldi

    Uchtepa tumani prokuraturasi tergovchisi “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo'llamaslik evaziga 50 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan.

    Joriy yilning aprel` oyida Toshkent shahar Uchtepa tumani prokuraturasi tergovchisi qurilish-ta'mirlash ishlariga ixtisoslashgan mas'uliyati cheklangan jamiyatning mansabdor shaxslariga nisbatan qo'zg'atilgan jinoyati ishi doirasida ushbu jamiyat rahbariga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo'llamaslik evaziga 50 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo'yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda u mas'uliyati cheklangan jamiyat ishchisidan so'ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismining «a» bandi bilan JKning 45-moddasiga asosan 3 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida va prokuratura idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamentining Olmazor tumani bo'limi xodimi tadbirkorga tegishli MCHJ uchun bankdan jami 1 mlrd. 200 mln. so'm kredit pul mablag'i ajratilishida yordam berishini aytib, evaziga 5 ming AQSh dollari talab qiladi. Keyinchalik MCHJga bank tomonidan 750 mln. so'm kredit pul mablag'i ajratilganligi bois tadbirkordan 3000 AQSH dollari berishini talab qilib, undan 2000 AQSh dollarini firibgarlik yo'li bilan olgan vaqtida ushlandi.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.