Prokuratura tizimida yangi tuzilma tashkil etilmoqda

    “Kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

    Farmonga koʻra:

    • Kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga masʼul boʻlgan Bosh prokuror oʻrinbosari lavozimi kiritiladi;
    • Bosh prokuraturaning tashkiliy-shtat tuzilmasida 7 ta shtat birligidan iborat Kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etiladi;
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida jami 28 ta shtat birligidan iborat Kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik ustidan nazorat boʻlinmalari tashkil etiladi.

    Yangi kiritilayotgan Bosh prokuror oʻrinbosari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

    • har haftada kamida bitta tuman(shahar)ga borib, kambagʻal oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini oʻrganish;
    • kambagʻal oilalarga berilayotgan mablagʻlar egasiga manzilli yetib borishini nazorat qilish;
    • kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan masʼullarga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini taʼminlash;
    • ijtimoiy himoya va kambagʻallikni qisqartirish sohasida qabul qilinayotgan qonunlar talablari, Prezidentning Farmon va qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosini nazorat qilish.