Sir emaski, “propiska” soʻzi maʼnaviy eskirganligi va ushbu atama fuqarolar ongida “toʻsqinlik qiluvchi“, “bir joyga bogʻlangan”, “erkinlikni cheklovchi" degan tushunchalarni keltirib chiqarayotgan edi.
Mazkur qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlaridagi “doimiy propiska qilish“ tushunchalari “doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” tushunchalariga hamda “turgan joyi boʻyicha hisobga olish” tushunchalari “vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish” tushunchalariga almashtirilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga fuqaro ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan oʻz vaqtida murojaat qilmaganida, yaroqsiz holga keltirganda va yoʻqotib qoʻygan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka tortilmasligi chiqarib tashlanmoqda. “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunga koʻpaytirilgan miqdordagi davlat boji haqida tushuncha hamda boshqa koʻplab qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi huquqni qoʻllash amaliyotida “doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish”, “vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish” hamda identifikatsiyalovchi ID-karta tushunchalari bilan bogʻliq boʻshliqlarni bartaraf etilishiga olib keladi.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.