Psixotrop dori vositalarini tarqatib kelayotgan “zakladchik”lar qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 22 Dekabr 2023 994

    Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizim Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan “dolzarb 40 kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlari davomida, kuchli taʼsir qiluvchi va psixotrop dori vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

    Xususan, Oqqoʻrgʻon tumani hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi 58 yoshli ayol (L.G.) gumonlanib, tekshirilganda uning yonidan 57 dona “zardeks” va “tropikomid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, hujjatlashtirilib olindi.

    Ushlangan shaxs bilan oʻtkazilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida, u dorilarni Farida (barcha ismlar oʻzgartirilgan) ismli tanishidan olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi.

    Uchtepa tumanida davom etgan tadbirda, “Farida” yani 1991-y.t. (F.A)ning xonadoni koʻzdan kechirilgan. Uning uyidan 2 ming donaga yaqin “zardeks” “lirika” va “tropikomid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari daliliy ashyo sifatida olindi.

    Bundan tashqari, ushbu xonadonda boʻlgan 1993-y.t. shaxs (N.U.) ham ayolga yordamchi ekanligi, u dorilarni sotish uchun mijozlar topish va tarqatilish bilan shugʻullanishi aniqlandi.

    Ushlanganlar bilan oʻtkazilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida, ular dori vositalarini “Qobiljon” ismli tanishidan sotib olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi.

    Shayxontohur tumanida davom etgan tadbirda “Qobiljon” yaʼni 1994-y.t. (Q.Gʻ.) 8 gr “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini 300 AQSH dollari va 4 mln 200 soʻmga nazoratdagi xaridorga sotayotgan vaqtida viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan ushlangan.

    Uning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganida yuvinish xonasida 46 gr “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi oʻtkazish maqsadida saqlanayotgani aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olindi. Ushbu shaxs sintetik giyohvandlik vositalarini “zakladka” tarzida tarqatish bilan shugʻullanishi aniqlangan.

    Toʻrt kun davomida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining savdosi bilan shugʻullanuvchi 6 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh qoʻlga olinib, noqonuniy muomaladan narxi 178 million soʻmga teng jami 2 000 donadan ortiq kuchli taʼsir qiluvchi, psixotrop dorilar hamda sintetik giyohvandlik vositalari muomaladan olindi.

    Eslatib oʻtamiz, ayni kunlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha Toshkent viloyatida “dolzarb 40 kun” maxsus profilaktik tadbirlari davom etmoqda.