Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoʻqon shahar boʻlimi tomonidan DXX va DBQning Fargʻona viloyati boshqarmalari bilan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro J.A. xaridor A.ga 98 dona “Lirika”, 8 dona “Tropikamid” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 2,3 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Shayxontohur tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro S.S. xaridor A.ga 42 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 100 AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan yana 14 dona “Regapen” nomli dori vositasi mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) va 186-3-moddasi (tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.