Puan Maxarani bobosi izidan Samarqandga bordi

    Xalqaro hamkorlik 10 Sentabr 2022 957

    Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammitida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Indoneziya Xalq vakillari Kengashi raisi Puan Maxarani boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.

    Mehmonlarni Samarqand temiryoʻl vokzalida viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi va shu yerning oʻzida qisqa muloqot boʻlib oʻtdi.

    Muloqot davomida Puan xonimning bobosi, Indoneziyaning birinchi prezidenti janob Sukarno 1956-yilning sentyabr oyida yurtimizga tashrif buyurib, buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgan birinchi xorijlik davlat arbobi boʻlganligi alohida mamnuniyat bilan yodga olindi. Puan Maxaranining Samarqandga tashrifi sentyabr oyiga toʻgʻri kelganligida ham ramziy maʼno borligi qayd etildi.

    Muloqot davomida tomonlar oʻzaro hamkorlik va doʻstlik aloqalari tarixi bir necha asrlarga borib taqalishini taʼkidlab, bu aloqalarni yanada mustahkamlash va keng qamrovda davom ettirish yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, turizm sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflar bildirildi. Indoneziyaliklarning Samarqandga ziyoratini tashkil etish orqali kichik haj tur paketini tashkil etish har tomonlama manfaatli boʻlishi qayd etildi.

    Puan xonim Samarqand bilan tanishuvchi Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.

    Shuningdek, mehmonlar “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida boʻldi. Universitet rektori, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida universitetda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Oʻzaro hamkorlikni, xususan turizm boʻyicha ikki tomon uchun manfaatli tur paketlarni tashkil etish boʻyicha muloqot oʻtkazildi.

    Indoneziya delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.