Pulli toʻxtash joylari yaqinida yashovchi aholi uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etiladi

    Koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholiga koʻchalarda tashkil etilgan pulli toʻxtash joylaridan foydalanish uchun maxsus imtiyozlar yaratilmoqda.

    Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, poytaxt aholisi uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilib, ruxsatnoma egalari oʻz mahallasi hududidagi toʻxtash joylaridan sutkaning kechki paytidan tonggacha imtiyozli shartlarda foydalanish imkoniga ega boʻladi.

    Shuningdek, kunduzgi vaqtda ham muayyan chegirmalar beriladi, bayram va dam olish kunlarida esa yanada kengroq imtiyozlar taqdim etiladi.

    Hozirgi kunda rezidentlik ruxsatnomalarini elektron tartibda olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya ishlari olib borilmoqda. Jarayonlar joriy yil noyabr oyiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

    Ushbu ishlar yakunlanganidan soʻng, Toshkent shahar hokimining tegishli qarori qabul qilinib, ruxsatnoma berish tartibi, amal qilish muddati, huquqqa ega boʻluvchi fuqarolar toifasi, taqdim etiladigan imtiyozlar roʻyxati aniq belgilanadi.