Prezident tomonidan 10.10.2023 yildagi "Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-330-son Qaror imzolandi.
2024 yil 1 yanvardan:
avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan ob’yektlarning asosiy konstruktiv elementlari bo‘yicha kamida 3 yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi;
yilning harorat yuqori bo‘lgan vaqtlarida avtomobil yo‘llarida yuk tashuvchi transport vositalari va avtopoyezd (tirkama)larning (maxsus transport vositalaridan tashqari) harakatlanishiga mavsumiy cheklovlar o‘rnatiladi;
tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi.
2025 yil 1 yanvardan yangidan boshlanadigan yo‘l-qurilish ob’yektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini yuqori tezlikda harakatlanishga oid xalqaro talablarga muvofiq loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish hamda kelgusida ushbu yo‘llarga muqobil yo‘llar mavjud bo‘lganda, "pullik yo‘llar" toifasiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Xususan, 2025 yilda "Toshkent-Andijon", "Toshkent-Samarqand" yo‘nalishlari bo‘yicha pullik yo‘llarni va "Taxtaqoracha" dovonida pullik tonnelni qurish rejalashtirilgan.