баннер
23 Mar 2025
04:27

    “Pushkin” stansiyasidan TTZgacha metro yerusti va yerosti boʻladi — transport vaziri

    “Salar” temiryoʻl bekatidan (“Pushkin” metro bekati) TTZ massivigacha boʻlgan metro liniyasi qisman yer ustidan, qisman esa yer ostidan oʻtadi.

    Bu haqda Oʻzbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov maʼlum qildi.

    20-mart, payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga jamoat transportini rivojlantirish, jumladan, metropoliten tarmogʻini kengaytirish loyihalari taqdim etildi.

    Ilhom Mahkamov aniqlik kiritishicha, loyiha “Salar” bekatidan Akusherlik va ginekologiya institutiga qadar elektropoyezd yoʻnalishi boʻylab (“Shahriobod” bekati orqali “Ekobozor”gacha) 5,5 km uzunlikdagi yer usti metrosini barpo etishni koʻzda tutadi.

    Metro liniyasi avtomobil yoʻlini kesib oʻtadigan toʻrtta joyda tunnel qurish rejalashtirilgan.

    “„Pushkin“ metro bekatidan „Salar“ temir yoʻl bekatigacha travolator orqali yopiq oʻtish yoʻli boʻladi. Soʻngra yer usti metrosi elektropoyezd yoʻnalishi boʻylab harakatlanib, Akusherlik va ginekologiya instituti tomonga burilish joyida asta-sekin yer ostiga tushadi. Bu birinchi yer usti metrosi boʻladi. Bugun biz prezidentdan loyihani batafsil ishlab chiqishni boshlash toʻgʻrisida koʻrsatma oldik. Xalqaro maslahatchilarni jalb etamiz. Loyihalash jarayoni 1−1,5 oy davom etadi”, — deb maʼlum qildi vazir.

    Keyinchalik yer usti liniyasi “Ashxobod” bogʻi orqali Kichik halqa avtomobil yoʻli boʻylab “Toshkent” metro bekatigacha (Shimoliy vokzal) qoʻshimcha 4 km ga uzaytirilishi mumkin.

    Transport vazirligi rahbari loyiha Toshkent shahrining bosh rejasini inobatga olgan holda ishlab chiqilganini taʼkidladi. Yoʻnalish yangi turar-joy binolari va mavzelarini qurish bilan renovatsiya dasturi rejalashtirilgan hududlardan oʻtadi.

    Umumiy uzunligi 10,8 km boʻlgan yangi metro liniyasida kuniga 85 ming yoʻlovchi tashilishi kutilmoqda. Bir tomonga borish vaqti 17 daqiqani, poyezdlar orasidagi interval esa taxminan 6 daqiqani tashkil etadi.

    Hisob-kitoblarga koʻra, bugungi kunda Toshkentga Qibray va TTZ tomonidan 194 mingga yaqin kishi kirib keladi: 44 ming nafari avtobus, mikroavtobus va Damas, 47 ming nafari yengil avtomobillarda. Yangi metro liniyasi koʻchalardagi, shuningdek, “Buyuk ipak yoʻli” metro bekatlaridagi yuklamani qisman kamaytiradi.

    Transport vazirligi huzuridagi Transportni kompleks rejalashtirish loyiha ofisi rahbari Murod Obidovning maʼlum qilishicha, Salar-TTZ metro liniyasi uchun yoʻnalish trayektoriyasining turli variantlari koʻrib chiqilgan.

    Davlat rahbariga taqdim etilgan konsepsiya “Salar” temir yoʻl stansiyasidan Akusherlik va ginekologiya ilmiy-tadqiqot institutigacha yer usti-yer osti liniyasini qurishni nazarda tutadi, deya tasdiqladi u.

    “Metropoliten temir yoʻl boʻylab oʻtadi. Keyin liniyani yer ostiga oʻtkazish koʻzda tutiladi. U TTZ oxirgi avtobus bekatigacha choʻzilib, u yerda transport almashinuv tugunini (TAT) hosil qiladi. Eng soʻnggi bekatda temir yoʻl trayektoriyasining egriligi tufayli temir yoʻl stansiyasini qurishning imkoni boʻlmagani sababli, TAT elektropoyezd uchun stansiyaniyani joylashtirish mumkin boʻlgan uchastkada qurilishi koʻzda tutilgan”, — deya tushuntirdi u.

    Murod Obidov taʼkidlashicha, temir yoʻl bir qator murakkab kesishmalardan oʻtganligi sababli, konsepsiya texnik jihatdan yanada chuqurroq ishlab chiqilishni talab etadi. Uning aytishicha, bugungi kunda bu yerda beshtadan ortiq boʻlmagan temir yoʻl poyezdlari harakatlanmoqda, metropoliten poyezdlarining harakatlanish oraligʻi esa uch daqiqagacha yetishi mumkin. Poyezdlar harakati chastotasi liniya qurilishiga shunday yondashuvni taqozo etadiki, metro avtotransport harakatiga xalaqit bermasligi lozim.

    Yangi metro liniyasida kunlik yoʻlovchilar oqimi 80 mingga yaqin kishini tashkil etishi kutilmoqda. Hozirda Toshkentga Qibray va TTZ tomonidan 200 mingdan ortiq kishi kirib kelmoqda. Yangi metro liniyasi yoʻllardagi yuklamani qisman kamaytiradi, shuningdek, “Buyuk ipak yoʻli” metro bekati, ayniqsa kechki soatlarda, atrofida Chirchiq, Gʻazalkent va boshqa yoʻnalishlarga transport kutayotgan koʻplab yoʻlovchilar toʻplanishini ham bartaraf etadi. Yangi TAT poytaxtning jamoat transporti yoʻnalishlar tarmogʻi bilan bogʻlanadigan aglomeratsiya yoʻlovchilari uchun qulay tugun vazifasini oʻtaydi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech