Bu haqda 5-sentabr, juma kuni Vladivostokda bo'lib o'tgan Sharqiy iqtisodiy forumning yalpi majlisida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ma'lum qildi, deb xabar berdi dw.com.
“Ukrainadagi ehtimoliy harbiy kontingentlarga kelsak. Bu (Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urushning) asosiy sabablardan biri – Ukrainani NATOga jalb qilish. Shuning uchun, agar u yerda biron bir qo'shin paydo bo'lsa, ayniqsa hozir, harbiy amaliyotlar paytida, bu ularni yo'q qilish uchun qonuniy nishon bo'ladi”, deya Rossiya rahbari so'zlaridan iqtibos keltirdi “Interfaks”.
Shu bilan birga, Putin “agar uzoq muddatli tinchlikka olib keladigan qarorlar qabul qilinsa”, uning nuqtai nazari bo'yicha Ukraina hududida xorijiy qo'shinlarning bo'lishiga ehtiyoj qolmasligi kerak. Rossiya Prezidentining so'zlariga ko'ra, agar tinch yo'l bilan kelishuvga erishilsa, Moskva ularni “to'liq hajmda” amalga oshirish niyatida. Rossiya Federatsiyasi, shuningdek, “ham Rossiya, ham Ukraina uchun ishlab chiqilishi kerak bo'lgan xavfsizlik kafolatlarini hurmat qiladi, albatta,” dedi Putin.