Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent xalqaro aeroportida koronavirusga test topshirish jarayonida fuqarolar orasida norozilik holatlari paydo boʻlgani haqida videolavha tarqaldi. Bu holatning yuzaga kelishiga nima sabab boʻldi? Fuqarolar nimadan norozilik bildirishdi?
Guvoh boʻlib turganimizdek, koronavirusning yangi shtammi – SARS-CoV-2: B.1.1.529. (Omisron) varianti dunyo boʻylab tez surʼatlarda tarqalmoqda va yurtimizda ham qayd etilib, oxirgi 10 kun davomida kasallanish holatlari 8 barobarga oshdi.
Omisron shtammining dunyoda tez tarqalayotgani munosabati bilan AQSH, Daniya, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya, Isroil, Niderlandiya, Fransiya, Yaponiya, Hindiston kabi davlatlarda qoʻshimcha karantin cheklovlari joriy etildi.
Mavjud xavfning oldini olish maqsadida yurtimizda ham chegara kesib oʻtish joylarida fuqarolar tashrif buyurishidan kamida 48 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR test boʻyicha manfiy natijali maʼlumotnomaga ega boʻlishlari hamda xalqaro aeroportlar, temir yoʻl vokzallari va avtomobil oʻtkazish chegara punktlarida koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishlari belgilandi.
Shu yil 15-yanvar kuni Toshkent shahriga uchib kelgan 3 801 nafar fuqarolardan ham test sinamalari olingan.
Ularning barchasida manfiy PZR testi boʻlganligiga qaramasdan 67 nafarida musbat natija aniqlangan.
Yurtimizdagi barcha chegara punktlari orqali shu kuni 15 041 nafar fuqaro oʻtgan. Ulardan 151 nafarida koronavirusda musbat natija aniqlangan.
Qoʻlida kasallikdan forigʻligi haqida maʼlumoti boʻlgan fuqarolarning “nega yana qayta ekspress test topshirishim kerak?” deb oʻylashlari tabiiy.
Lekin koʻrib turganingizdek, PZR test topshirgan insonlarda ham virus aniqlanmoqda. Bu esa, kasallik yanada “ayyorlashib”, yashirin koʻrinishga kirib borayotganidan dalolat.
Bunday holatda yurtimizga kirib keluvchi har bir fuqaroni koronavirusga eksperss-antigen test topshirtirib qabul qilish eng toʻgʻri yoʻldir.
Kasallik aniqlangan fuqarolar holatiga koʻra uy sharoitida yoki shifoxonada davolanishga yoʻnaltirildi. Uy sharoitida davolanishi kerak boʻlgani uchun har bir fuqaroga aeroportning oʻzida bepul 4 xildagi dori-darmon berilmoqda.
Ekspress test narxi 5 AQSH dollari ekvivalentida belgilangan boʻlib, bu dunyo koʻrsatkichlariga nisbatan eng arzon narxlardandir. Shuningdek, test topshirish jarayonida talabalik guvohnomasini taqdim etgan talabalarga 50 foiz chegirma beriladi. I va II guruh nogironligi bor shaxslar uchun testlar bepul. 2 yoshgacha boʻlgan bolalardan test olinmaydi. Bu tadbirlardan maqsad aholining salomatligini saqlash ishlarini samarali tashkil etishdir.
Vaqtincha joriy etilgan bu tartib koronavirus infeksiyasini yuqtirgan fuqarolarni tezkor aniqlash, davolash va infeksiya tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi.
Shuning uchun, yurtdoshlarimizdan mazkur chora-tadbirlarni toʻgʻri qabul qilib, oʻz fuqarolik burchini anglab, mamlakatimiz hududida koronavirus pandemiyasining yangi toʻlqini koʻtarilmasligi uchun shaxsan hissa qoʻshishlarini soʻrab qolamiz.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati.