Davlat test markazi mutaxassilari abituriyentlarda paydo boʻlayotgan mazkur savolga javob berdi:

— Qayd etish lozimki, qabul parametrlarini ishlab chiqish va tasdiqlashda Davlat test markazi ishtirok etmaydi. Bu masala Davlat test markazi vakolatiga kirmasada, koʻpchilikda tushunmovchilik boʻlayotgani sababli quyidagilarni maʼlum qilmoqchimiz:

Maʼlumki, 2022-yil 17-may kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida qaror loyihasi eʼlon qilindi.

Mazkur qaror loyihasiga eʼtibor qaratilsa, uning 2-bandida 2022-2023-oʻquv yilidan boshlab moliyaviy va akademik mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalarining toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari oliy taʼlim muassasalari Kuzatuv kengashlari tomonidan mustaqil belgilanishi qayd etilgan.

Shuningdek, qaror loyihasining ilovalaridan koʻrish mumkinki, moliyaviy va akademik mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalarida faqatgina davlat granti asosidagi qabul parametrlari koʻrsatilgan. Toʻlov-kontrakt asosida qabul parametrlari esa koʻrsatilmagan.

Qaror loyihasida mazkur oliy taʼlim muassasalari uchun toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlarining keltirilmagani qabul parametrlari kamaytirilibdi degan yanglish fikrga olib kelmasligi lozim.

Albatta, qabul parametrlari qanchalik oʻzgarganini barcha oliy taʼlim muassasalari uchun qabul parametrlari tasdiqlanganidan soʻng bilish mumkin.