Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketayotgan fuqaroning qoʻl sumkasidan umumiy ogʻirligi 187 gramm boʻlgan 6 dona oltin quymasi hamda 7 dona xitoy iyerogliflari tushirilgan tangalar kosmetika kremi ichiga yashirilgani aniqlandi.
Bu haqda Bojxona qoʻmitasi maʼlum qilishicha, shuningdek, uning yonidan ogʻirligi 20 gramm boʻlgan quyma tilla uzuk ham borligi aniqlandi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan ushbu buyumlarning umumiy qiymati 223 mln soʻmni tashkil qildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Eslatib oʻtamiz, amaldagi qonunchilikka muvofiq, rezident va norezident jismoniy shaxslarga — qiymati 100 million soʻmgacha boʻlgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan, 100 million soʻm va undan ortiq boʻlganlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi. Shuningdek, yaratilganiga ellik yildan oshgan madaniy boyliklarni respublika hududidan olib chiqish mumkin emas.