“Qadoqlar va qadoqlarni yopish vositalari xavfsizligi toʻgʻrisida”gi texnik reglament tasdiqlandi

    Texnik reglament talablariga muvofiqligi tasdiqlanmagan qadoqlar va qadoqlarni yopish vositalari muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalanmasligi va erkin muomalaga chiqarilmasligi kerak.

    Texnik reglament muomalaga chiqarilgan tayyor mahsulotlar boʻlgan metall, polimer, plastmassa, qogʻoz, karton, shisha, rezina, rezinoplastik va kompozit materiallar, toʻqimachilik materiallari, keramika asosidagi qadoqlarga, shu jumladan, qadoqlar va qadoqlarni yopish vositalari xavfsizligiga nisbatan qoʻyiladigan yagona talablarni belgilaydi.

    Texnik reglament talablari tibbiyot texnikasi, jihozlari va uskunalari, dori-darmonlar, farmatsevtika mahsulotlari, tamaki mahsulotlari va xavfli yuklarni, shuningdek, yuk konteynerlari va yuklarni avtomobil, temir yoʻl, dengiz va havo transportida tashish uchun tagliklarni (poddon) qadoqlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.

    Qadoqlar va qadoqlarni yopish vositalari Texnik reglamentda belgilangan tartibda mahsulot muvofiqligi baholangandan keyin tasdiqlovchi hujjatlar asosida erkin muomalaga chiqariladi.

    Qadoqlar va qadoqlarni yopish vositalarini saqlash, tashish va yoʻq qilish jarayonlari xavfsizlik talablariga javob berishi kerak.

    Qadoqlar xavfsizligi quyidagi talablar bilan taʼminlanishi kerak:

    — oziq-ovqat mahsulotiga tegib turadigan materiallarning sanitariya-gigiyena koʻrsatkichlari boʻyicha;
    — fizik-mexanik koʻrsatkichlar;
    — germetiklik.