«Oʻzarxiv» agentligida 22-sentyabrdan 22-oktyabrga qadar arxiv sohasida“Qadring baland boʻlsin, ona tilim” shiori ostida oʻzbek tili oyligi oʻtkazilmoqda.
Oylik davomida arxiv sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning samaradorligini oshirish, soha qonunchiligi yuzasidan uni targʻib qilish masalalariga eʼtibor kuchaytirildi. Xususan, hududlarda ijodkor arxivchilarning 10 dan ortiq maqolalari, 20 ta videoroliklari, oʻz ijodidan sheʼr va hikoyalari Agentlikning veb saytlarida va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda yoritildi. Oylik davomida sohada davlat tilini qoʻllashning oʻziga xos uslubiyati, metodik qoʻllanmalar, bukletlar ishlab chiqildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi keng muhokama qilindi. Konsepsiyada belgilab berilgan yoʻnalishlarning arxiv sohasidagi ahamiyati va dolzarbligi tushuntirildi.
Mazkur tadbirda oʻzbek tilining xalqimiz, jumladan soha ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash, Oʻzbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida oʻzbek tilini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish, oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, arxiv sohada davlat tilini rivojlantirishda oʻz mehnatlari bilan fidokorona xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar “Soha iftixori” koʻkrak nishoni hamda «Oʻzarxiv» agentligining “Faxriy yorligʻi” bilan taqdirlandilar.
Tadbirda «Oʻzarxiv» agentligi rahbariyati, Oʻzbekiston milliy arxivlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.