6-fasldan iborat asarda Ikkinchi jahon urushida Oʻzbekiston va jafokash xalqimiz qoʻshgan beqiyos hissa, bugungi kunda Davlatimiz Rahbarining faxriylar va front ortida mehnat qilganlar shaxslarga koʻrsatayotgan ulkan gʻamxoʻrligi va alohida eʼtibori haqida batafsil toʻxtab oʻtiladi.
Muallifning yangi barpo etilgan “Gʻalaba bogʻi” majmuasi atrofidagi falsafiy yondashuvlari bosqichma-bosqich oʻsa borib, Ikkinchi jahon urushining vayronkor koʻlami, insoniyat fojeasi, tinchlikning qadriga kabi umumbashariy va global tahlil silsilasiga koʻchadi.
Kitobda keltirilgan raqamlar va faktlar albatta, juda muhim va yangi ekani bilan ahamiyatlidir. Unda yurtimizdan 1 951 ming kishi urushga qatnashgani, 538 ming nafari halok boʻlgani, 158 ming kishi bedarak yoʻqolgan haqidagi yangi aniqlangan maʼlumotlar bu qonli urushda Oʻzbekiston ishtirokini haqli ravishda kengaytirib yuboradi.
Vaholanki, biz shu vaqtga qadar bu raqamlarni, bilmagan holda kamroq holda qoʻllab kelar edik. Koʻrsatkichlar oʻrtasidagi farqlar kitobda jadval koʻrinishida aks ettirilgani juda maʼqul va oson boʻlgan.
Mazkur kitob soʻnggi yillarda ayrim davlatlarning chop etilayotgan koʻplab harbiy badiiy va hujjatli asarlarida, filmlarida, maqolalarida va boshqa materiallarida fashistlar ustidan qozonilgan buyuk gʻalabada asosan bitta buyuk davlatning hissasi hal qiluvchi boʻlgani haqidagi choʻpchaku iddaolarga ham munosib javob boʻladi deyish mumkin.
Istiqlol yillarida nedir sabablarga koʻra, tarixiy xotira va maʼnaviyat sohasidagi ayrim harakatlar, nomi koʻp yillar qahramonlik timsoli boʻlgan shaxslarning kutilmaganda tilga olinmay qoʻyilgani kabi xatolar natijasida aholining ayrim eʼtirozlariga soʻnggi yillarda adolatli yechimlar topilgani bayon etiladi.
Xususan, bagʻri keng va olijanob Shoahmad Shomahmudovning oilasiga qoʻyilgan haykalning avvalgi joyiga qaytarilishi, turli tamgʻalar yopishtirilgan general Sobir Rahimov nomining tiklanishi va boshqa koʻplab ibratli faktlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning chindan ham tarixiy adolatni qaytarganliklariga yorqin misoldir.
Akmal Saidov dunyoda meʼmoriy yechimi boʻyicha tengi va muqobili yoʻq boʻlgan koʻrkam “Gʻalaba bogʻi” gʻoyasi va falsafasi, ramzlar ifodasi va mazmunini atroflicha ochib berar ekan, “Shon-sharaf” muzeyidan tortib, bu yerdagi har bir yodgorlik va qurilgan inshootlarning rasmlarigacha yuqori sifatda, zamonaviy dizaynerlik uslubida berishi mavzuni tugal-chuqur ochib berishga va asarning yana-da qiziqarliroq boʻlishiga xizmat qilgan.
Eʼtiborli tomoni, kitobda Ikkinchi jahon urushi yillarida Yevropadagi real vaziyat va gʻalabaga erishishda oʻzbek millatining ishtiroki haqida yangidan yangi tarixiy dalillar va mutlaqo yangicha qarashlar aks etgan.
Oʻzbekiston zaminiga keltirilgan yuz minglab yetim bolalar, beva qolgan ayollar, olimu ziyolilarga vatandoshlarimiz xonadonlari, xalqimizning dil tafti issiq qoʻnalgʻa, ishonchli bosh-pana boʻldi. Urushning 800 kunini Toshkentda oʻtkazgan betakror ijodkor Anna Axmatova olijanob insonlarimizga chuqur hurmat ila shunday yozadi:
Yosh va dilbar sochli onalar,
Shirin kulchalar tutgan bolalar,
Shu jajji qoʻlchalar, qoʻllarga rahmat!
Sakkiz yuz kunim – moʻjizaviy sas,
Shu moviy rang cheksiz osmon ostida,
Shu lojuvard tubsiz ummon ostida
Biz birga yashadik yorqin, oʻt nafas,
Ey, otashin bogʻ...
Sobiq Ittifoq tarkibidagi Ukraina, Belarus, Boltiq boʻyi mamlakatlaridan tashqari, Yevropaning Finlyandiya, Polsha, Chexoslovakiya, Avstriya, Vengriya, Bolgariya, Ruminiya, Yugoslaviya, Germaniya, Fransiya, Italiya kabi mamlakatlarida ozodlik harakatlarida fashistlarga qarshi mardonavor kurashgan ota-bobolarimiz beqiyos jasorati, yovqurligi, kuch-qudrati, har qanday murakkab vaziyatga qaramasdan Vataniga sadoqati tarannum etiladi.
Bir oʻqishda oʻzbeklar sharqiy va markaziy Yevropani ozod etishdagi qahramonligi ulkan ijobiy taassurot berib, yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik tuygʻularini joʻsh urdiradi, qahramon ajdodlarimizga nisbatan chuqur ehtirom-hurmat uygʻotadi.
Men shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushi va undan keyin ham bir-ikkita oʻzbekistonlik generallar boʻlsa kerak, deb oʻylab yurar ekanman. Chunki bu haqda tayin-tuzuk maʼlumotlar har doim ham uchrayvermaydi.
Kitobda yurtimizdan yetishib chiqqan oʻnlab generallar haqida toʻliq va qiziqarli maʼlumotlar berilgani oʻquvchini hayratga soladi.
A.Saidovning urushning eng oldingi chiziqlarida va front ortidagi zalvorli hayotda, harbiy, siyosiy-iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, fan-taʼlim, diniy va madaniy, qurilish-bunyodkorlik sohalarida xotin-qizlarimizning, oʻsmir bolalar va keksalarimizning ishtirokini ularning mashaqqat-iztiroblari, qadoq va beminnat mehnati prizmasidan oʻtkazib yoritishi albatta oʻziga xos yangilikdir.
Besh farzandni urushga yoʻllab, barchasidan ajralib qolgan Zulfiya Zokirovaga bagʻishlangan qismi ayniqsa taʼsirli, beixtiyor koʻzga yosh qalqitadi. Afsonaviy nolegal razvedkasi Bahrom Ibrohimov haqidagi qiziqarli faktlar, yurtdoshimizning Janubiy Osiyodagi murakkab hayot yoʻli va metin irodasi, Gitlerning Uchinchi frontni ochish rejasi chippakka chiqqani haqidagi tarixiy dalillar esa asarning ahamiyatini keskin oshiradi.
Yapon militaristlariga qarshi Uzoq Sharq va Xitoy hududlarida olib borilgan harbiy amaliyotlarda oʻzbekistonlik askarlarning shonli gʻalabalari aniq faktlar bilan ochib beriladi.
Aslida xotira boʻlmasa, millat ham va davlat ham boʻlmaydi. Toki har bir davlat oʻzining kuchli mafkurasi, unutilmas tarixi, oʻtmishi va tinchlikka hissa qoʻshayotgan shaxslari bilan doimo tirikdir.
Asarda yovuz gʻoya – fashizm balosi keskin tanqid qilinadi, achchiq tarixiy saboqlar chiqariladi, millatlar birdamligi, xalqlar hamjihatligi va ahilligi bebaho neʼmat, deya ulugʻlanadi.
Muallif oʻz mulohazalari orqali soʻnggi yillarda Yevropaning u yer-bu yerida qayta bosh koʻtarayotgan, “tarixiy haqiqatni qaytadan taftish qilish” yorligʻida chinni yolgʻon deb atash siyosiy tus olayotgan sharoitda oʻsib kelayotgan avlodlarni ogohlik va hushyorlikni yoʻqotmaslikka chorlaydi.
Muallif ikki yil davomida asarni qoralar ekan, urush dahshati ichida yashagan, motam va anduhdan peshonasini ajin bosgan, daxldorlik hissi bilan yashagan va umrguzaronlik qilayotgan, yurtning shon-shavkati uchun koʻksini oʻqqa tutgan yuzlab shaxslar haqida ibratli va ravon tilli maqolalarga oʻrin ajratgan.
Kitob noshirlik jihatidan nihoyatda zamonaviy va oʻziga xos uslubda tayyorlangan boʻlib, har sahifa chetida alohida rukn shaklida Prezidentimizning ibratli fikrlari va iqtiboslari, mavzuga oid turfa shoirlarimizning taʼsirchan sheʼrlari berilishi, rangli suratlar, xaritalar, jadvallar, arxiv materiallari berib borilgani oʻquvchini aslo zeriktirmaydi.
Qolaversa, har bir tarixiy shaxslar haqida gap ketganda havola shaklida uning tarjimayi holi alohida berilishi ham maʼlumotga boyligini oshirishga xizmat qiladi.
Kitobni barcha yurtdoshlarimiz, tarix fani ustozlari, olimlar, oʻquvchi va talabalar uchun nihoyatda qimmatli qoʻllanma, noyob bilimlar xazinasi boʻlgan deyish mumkin. Taʼbir joiz boʻlsa, u urush qahramonlarimiz xotirasiga qoʻyilgan muhtasham maʼnaviy yodgorlikdir, mukammal fundamental va qomusiy nashrdir.
L. Rahmatov,
Jurnalist.









