Qalbaki 500 ming dollarni ayirboshlashga uringan shaxslar qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 25 Dekabr 2023 1269

    DXX xodimlari Toshkent shahri, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida Rossiya hamda Turkiyadan keltirilgan qalbaki AQSH dollarlari muomalasiga chek qoʻydi.

    Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyatida yashovchi shaxs 50 dollarli kupyuralardan iborat boʻlgan qalbaki 19 250 AQSH dollarini haqiqiy 10 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, u Rossiyadan olib kelingan ushbu qalbaki kupyuralarni Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqarodan kelgusida oʻtkazish maqsadida sotib olgani aniqlanib, u ham qoʻlga olingan.

    Shuningdek, Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi ikki nafar shaxs qalbaki 500 ming dollarni xaridor bilan haqiqiy 325 ming dollarga ayirboshlashga kelishib, dastlab unga namuna sifatida Qirgʻizistondan olib kelingan 100 dollarlik kupyuralaridan iborat qalbaki 7600 dollarni haqiqiy 5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qoʻlga olingan.

    Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan “Erkin” YPX maskanida Lasetti avtomashinasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Buxoro shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 100 dollarlik kupyuralardan iborat qalbaki 8900 dollar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

    Maʼlum boʻlishicha, mazkur fuqaro Turkiyada tayyorlanib, Qirgʻiziston orqali Oʻzbekistonga olib kelingan ushbu qalbaki xorijiy valyutlarni kelgusida sotib, daromad topish maqsadida Toshkent shahriga kelayotgan boʻlgan.