Qalbaki kupyuralarning muomalaga kiritilishining oldi olindi

    Bir guruh “ishbilarmonlar” 20 dona 200 ming va 160 dona 100 ming soʻmlik jami 20 mln soʻm qalbaki kupyura sotayotganda qoʻlga olindi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar B.S., O.P. va boshqalar 20 dona 200 ming va 160 dona 100 ming soʻmlik jami 20 mln soʻm qalbaki kupyuralarni fuqaro X.Sh.ga 7 mln soʻmga sotishga kelishib, shundan 6 mln soʻmni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

    Ushbu qalbaki pullarni manbasini aniqlash maqsadida tadbir davom ettirilib, S.B.ning xonadoni koʻzdan kechirilganda, yana 75 dona 100 ming va 20 dona 200 ming soʻmlik qalbaki kupyura va ularni ishlab chiqarishda foydalanilgan rangli printer ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.