Qalbaki pullardan ehtiyot boʻling!

    Xavfsizlik 14 Yanvar 2021 1502

    Navoiyda qalbaki kupyurani savdoga kiritgan firibgar fosh qilindi.

    Karmana tumani “Ayronchi” MFY, Ziyokor koʻchasida yashovchi 20 yoshli shaxs “Samsung-J-2” va “S-3 mini” rusumli ikki dona uyali aloqa vositalarini sotish maqsadida Navoiy shaharida joylashgan eski buyumlar sotish bozoriga borgan.

    Bozorda unga Karmana tumani “Bogʻishamol” MFYda yashovchi, vaqtincha ishsiz 27 yoshli fuqaro yaqin kelib, oʻzini “Aziz” deb tanishtiradi. Shundan soʻng, undan ikki dona uyali aloqa vositasini 770 ming soʻmga sotib olishga kelishadi.

    Maʼlum boʻlishicha, “xaridor” “sotuvchi”ni aldab, qoʻlbola usulda tayyorlangan qalbaki 100 dollarni unga taqdim qilib, “Samsung-J-2” va “S-3 mini” rusumli ikki dona uyali aloqa telefon apparatlarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

    Ekspert-kriminalistika boʻlimi xulosasi ham pullarning qalbaki ekanligini tasdiqlagan.

    Mazkur holat yuzasidan “xaridor”ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, deb xabar beradi IIV matbuot xizmati.