Qalbaki pullarga kiyim-kechak hamda “Iphone 13 pro” xarid qilgan shaxslar ushlandi

    2 dona qalbaki 100 AQSh dollari berganligi aniqlanib, A.A.ning yonidan yana 10 dona qalbaki 100 AQSh dollarlik kupyuralar ashyoviy dalil sifatida olingan. 

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchqo'rg'on tuman bo'limi tomonidan tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.A. Namangan shahridagi “Chorsu” bozorida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar I.G'. va M.I.dan xarid qilgan liboslari uchun 2 dona qalbaki 100 AQSh dollari berganligi aniqlanib, A.A.ning yonidan yana 10 dona qalbaki 100 AQSh dollarlik kupyuralar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Shu kabi, Departamentning Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro J.A. “OLX” saytida sotuvga qo'ygan “Iphone 13 pro” rusumli uyali aloqa vositasini xaridor O'.J.ga 1 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, uchrashuv paytida xaridor O'.J. unga 100 AQSh dollarlik 10 dona qalbaki kupyuralarni berganligi aniqlanib, ushbu kupyuralar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aktsiz markasi yoki qimmatli qog'ozlar yasash, ularni o'tkazish) bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.