Maʼlum qilinishicha, DXXning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Namangan shahrida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Uchqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1986-yilda tugʻilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) bilan sudlangan fuqaro T.Sh. shaxsiy tintuvdan oʻtkazilgan. Uning yonida 10 600 dollar miqdoridagi qalbaki chet el valyutasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida u qalbaki xorijiy valyutalarni Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1986-yilda tugʻilgan M.B.dan olgani maʼlum boʻlib, u ham qoʻlga olingan.

Aniqlanishicha, Qirgʻiziston fuqarosi boʻlgan “Tinar” ismli shaxs tomonidan aylanma yoʻllar orqali Yangiqoʻrgʻon tumani hududiga oʻtkazilgan ushbu qalbaki valyutalar Toshkent shahrida muomalaga chiqarilishi kerak boʻlgan.

Hozirda holat yuzasidan T.Sh. va M.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.