Qalin qor yogʻishi, boʻron va muzlama sababli Qozogʻiston poytaxtida transport harakatlari karaxt holga kelib qoldi.
Taʼkidlanishicha, Ostona xalqaro aeroportida aviaqatnovlar kechiktirilgan, shahar kommunal xizmatlari va politsiya xodimlari kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda.
Respublika poytaxtida oʻtgan shanbadan buyon qor yogʻmoqda, boʻron turib yoʻllar muzlab qolgan. Qozogʻiston ob-havoshunoslari bergan maʼlumotga koʻra, oʻtgan uch kun ichida qalinligi 37,6 millimetrli yogʻingarchilik boʻlgan.
Keltirilishicha, ob-havoning yomonlashishi munosabati bilan transport oqimlari va jamoat transportlari tezligi kamaytirilgan.
Avtobus yoʻnalishlarida kechikish holatlari kuzatilmoqda, ayrim joylarda poyezd qatnovlari qiyinlashgan. Poytaxt taʼlim boshqarmasi maktab oʻquvchilarini masofadan turib oʻqish formatiga oʻtkazgan.